YUSUPOV IBROHIM

YUSUPOV IBROHIM (1935.5.3, Urganch) — balet artisti, baletmeyster, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1983). Toshkent xoreografiya bilim yurtini (1955), Moskva teatr san’ati intini (1964) tugatgan. Navoiy nomidagi opera va balet teatri pedagog va repetitor, 1977 — 78 yillar Varshava katta teatrida mumtoz raqs o’qituvchisi bo’lib ishlagan. Alberto (A. Adan, «Jizel»), Zigfrid (P. Chaykovskiy, «Oqqush ko’li»), Garmodiy (A.Xachaturyan, «Spartak»), Bunyod (M.Ashrafiy, «Semurg'»), Shahriyor (N.Rimskiy Korsakov, «Shahrizoda») va boshqalar yu. sahnada yaratgan eng yaxshi obrazlaridir. «To’maris», «Spartak», «Muhabbat va qilich», «Ming bir kecha», «Semurg'», «Medeya», «Chipollino», «Korsar», «Temur Malik», «Uch palma» kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Uning «To’maris», «Temur Malik» spektakllari asosida film-baletlar, shuningdek, «Tojikfilm»da «Sharq afsonasi» filmbaleti ishlangan. Yusupov ijodi raqslardagi aniq chizgilari, muayyan uslubga mutanosibligi, mumtoz raqslarga alohida e’tibori, o’zbek milliy raqs harakatlarini balet raqslariga ustalik bilan uyg’unlashtira olishi bilan ajralib turadi. Misr, Suriya, Hindiston, Yaponiya, Singapur, Tseylon, Gonkong, Livan, Vengriya, Vetnam kabi mamlakatlarda gastrolda bo’lgan.