YUSUPOV KARIM RAHIMOVICH

YUSUPOV KARIM RAHIMOVICH (1910.10.10, Zangiota tumani Xonobod qishlog’i) — xalq selektsioneri, usta dehqon, sabzavotchilik amaliyoti novatori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan agronom (1965). Mehnat faoliyatini o’zi tug’ilib o’sgan qishloqda tuzilgan kzda kolxozchi dehqon sifatida boshlangan (1931). O’rta Osiyo qishloq xo’jalik instituti qoshidagi ishchi fakultetini tugatgan (1933). Buxoro viloyati Qiziltepa tumanida bosh agronom (1933-41), 2-jahon urushi qatnashchisi, Toshkent viloyati Qorasuv tumani o’rmon xo’jaligida (1945-50), O’rta Chirchiq tumanidagi jamoa xo’jaligida bosh agronom (1951— 60), O’zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim (1960-82). Mustaqil holda sabzavot selektsiyasi bilan shug’ullandi va yakka tanlov asosida yirik mevali, o’rta kechpishar (135 kunda pishadigan), tupi kuchli o’sadigan (poyasi 1,5—2 metr), serhosil (har tupida 8-10 kilogramm), sifatli, kasalliklarga chidamli, vazni 0,3—1,2 kilogramm, hosildorligi 500-600 tsentner/gektar (1000 gacha), eti mazali, urug’i kam, mashhur «Yusupov» pomidor navini yaratdi (Chudorinkax Marglob). Mazkur nav 1960 yildan O’zbekistonning barcha viloyatlarida, shuningdek, qo’shni respublikalarda rayonlashtirilgan. «Yusupov» navli pomidor» kitobi (1967) muallifi. «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan (1994).