YUSUPOV ODILJON
YUSUPOV ODILJON (1928.19.5 Baliqchi tumani — 1993.4.9) — xonanda, sozanda (doira, dutor, g’ijjak). O’zbekiston xalq hofizi (1991). Namangan madaniy oqartuv texnikumini tugatgan (1981). Xonandalik san’ati hamda katta ashula yo’llarini andijonlik H.Fozilov, M.Nishonov, Mamatxo’ja eshon, Saidali qori, Shokir qori va Jo’raxon Yusupovlardan o’rgangan. Keyinchalik ular bilan hamnafas bo’lgan. Norin tumani xalq teatri xonandasi (1950-55), 1956 yildan Baliqchi tumani badiiy havaskorlik ansambli rahbari. Kuchli, baland, jarangdor ovoz sohibi, ijrosiga badihago’ylik xos. Repertuaridan katta ashula («Bo’lib dilbar», «Ey sanam», «Quling», «Ey dilbari jononim» va boshqalar), ashula va maqom yo’llari («Yor kelib ket», «Keldim», «Boqqancha bo’lmas», «Dugohi Husayniy» va boshqalar) o’rin olgan. Akauka Vahobovlar, A.Shokirov, M.Rahmatullayev, o’g’illari — Abduvahob, Abdusattor, Zokirjon Odilovlar va boshqalarga ustozlik qilgan. Katta ashula ijrochisi sifatida (N.Saidnazarov bilan birga) Yevropa mamlakatlarida gastrolda bo’lgan (1985). Respublikada o’tkazilgan ko’pgina musiqa festivallari va tanlovlari sovrindori. Baliqchi tumanida katta ashula ijrochilik mahorati maktabini tashkil qilgan (1990).