YUSUPOV POLVONNIYOZ HOJI

YUSUPOV POLVONNIYOZ HOJI, Polyoz Hoji (1861 Xiva 1936.14.5) yosh xivaliklar partiyasining asoschisi, davlat arbobi. Xiva xonligi hududidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Asfandiyorxonning jadidlarga qarshi siyosati natijasida Yusupov 1917 yil oxiridan boshlab 2 yil davomida Toshkentda yashagan. Bolsheviklar ta’siridagi yosh xivaliklar inqilobiy qo’mitasi raisi (1918 yil boshidan). Turkiston ASSR Milliy ishlar xalq komissarligida Turkman sho»basi boshlig’i (1919). Xiva xonligi ag’darilgach (1920 yil 1 Fevral), yangi tashkil qilingan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Sho’rosining birinchi raisi (1920 yil 27 aprel — 1921 yil 6 mart). Yusupov XXSR hukumati raisi sifatida mustaqil siyosat yuritish va Xorazm Respublikasida demokratik islohotlarni qaror toptirish uchun intilgan. Biroq Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) va Turkiston fronti qo’mondonligi Yusupovning bu siyosatiga qarshi chiqib, Xivada yangi hukumat to’ntarishini amalga oshirishgan. Yusupov faol siyosiy kurashdan voz kechganligi uchun keyinchalik bolsheviklar tomonidan afv qilingan va XXSRda turli lavozimlarda xizmat qilgan. Ad.: Matkarimov M., Xorazm Respublikasi: davlat tuzilishi, nozirlari va iqtisodi, Urganch, 1993.