YUSUPOV ZAYNOBIDDIN

YUSUPOV ZAYNOBIDDIN (1923.1.1 Marg’ilon — 1992.30.10) — qiziqchi va askiyachi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1989). Yusufjon qiziq Shakarjonovning o’g’li. Oxunjon qiziq Huzurjonovdan ta’lim olgan: 1940 yilda Toshkentda o’tkazilgan qiziqchilarning birinchi respublika qo’riktanlovida ishtirok etgan. Otasi hayotligidayoq ukasi Madaminjon Yusupov (1935-1993) ni yoniga olib, askiya, mayda qiziqchiliklar bilan tanildi. 60-yillarda Farg’ona teatrida aktyor, cholg’u ansambli rahbari bo’lib ishladi. «Tohir va Zuhra» da sandiqsoz, «Nurxon»da Huzurxo’ja, «Maysaraning ishi»da Mullado’st, «Arshin mol olon»da Vali kabi rollar ijro etdi. 70-yillarda Marg’ilon xalq teatrida, 1978 yildan Farg’ona filarmoniyasida qiziqchi va cholg’uchi bo’lib ishlaydi. 1986 yilda askiyachi va qiziqchilarning Qo’qonda o’tkazilgan respublika ko’rik tanlovida o’zi tashkil etgan «Marg’ilon xandasi» uyushmasi bilan qatnashdi. Zaynobiddin va Madaminjon Yusupovlar, Mamasiddiq Shiryayev, Orifjon Usmonov ijrosida Qo’qon va Toshkentda ko’rsatilgan «Tabiblik» (asli «Xitoy tabib») va «Dorbozlik» og’zaki komediyalari yangicha jarangladi. 1988 yilda ular Toshkentda «Kulgi markazi»ning ochilishida «Erka o’g’il» komediyasini namoyish etdilar. Yusupov qiziqchilikda, askiyada ham so’zni terib-terib, dona-dona va jarangdor qilib ijro etar, so’zlarning tag ma’nolarini tomoshabinlarga tushunarli shaklda yetkazardi. «Shirinliklar», «Futbol» payrovlarida mohir bo’lgan. Muhsin Qodirov.