YUTA

YUTA — AQShning g’arbiy qismidagi shtat. Maydoni 219,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,31 million kishi (2002). Ma’muriy markazi — Soltleyksiti shahri hududining katta qismini tog’tizmalari (eng baland joyi 4123 metr) va chuqur daralar bilan kesilgan cho’l landshaftli yassitog’lik egallaydi. Sharqda qoyali tog’larga tutashib ketgan. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2° dan -4° gacha, iyulniki 17-20°. Yillik yog’in 250-400 millimetr. Asosiy daryosi — Kolorado. Ko’l ko’p; eng yirigi — katta sho’r ko’l. Aholi, asosan, vohalarda yashaydi. Xo’jaligida konchilik va qishloq xo’jalik yetakchi. Qishloq xo’jalik mahsulotlarining 75% ni chorvachilik beradi. Sug’oriladigan yerlarda qand lavlagi, sabzavotlar yetishtiriladi. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, toshko’mir, mis, polimetallar, oltin, temir va uran rudalari qazib olinadi. Asosiy sanoat tarmoqlari: rangli va qora metallurgiya. Neftni qayta ishlash, kimyo, oziq-ovqat, radioelektronika sanoati korxonalari mavjud. Raketa, qishloq xo’jalik jihozlari ishlab chiqariladi.