ZAANE ECHKI ZOTI
ZAANE ECHKI ZOTI — suti uchun boqiladigan zot. 19-asr o’rtalarida Shveytsariyaning Zane (Saane) daryosi vodiysida chiqarilgan. Echkilari yirik, gavda tuzilishi mustahkam, aksariyatining elini katta, so’rg’ichlari yaxshi shakllangan. Terisi yupqa, asosan, oq rangda. Takasining yag’rin balandligi 75-80 santimetr, vazni 70-80 santimetr, echkilari 50-60 kilogramm, dumg’azasi tor, juni kalta, qiltiqlari ingichka. Echkilari bir yilda o’rtacha 600-700 kilogramm sut beradi (rekord sut mahsulotdorligi 2235 l), sutining yog’liligi 3,5—4,5%. Har yuz bosh echkidan 180-200 uloq olish mumkin. Bu zot G’arbiy va Markaziy Yevropada keng tarqalgan. Yevropa, Osiyo, Amerikadagi ko’pgina mamlakatlarda sut yo’nalishidagi echkichilikni rivojlantirishga katta ta’sir ko’rsatdi. 20-asr boshlarida Rossiyaga keltirilgan, undan qisman O’zbekistonda tarqalgan (shaxsiy xo’jaliklarda boqiladi). Mahalliy jaydari rus echki zotlarining sut mahsuldorligini yaxshilashda foydalanilgan. Duragaylari bir yilda 500-1000 kilogramm sut beradi. Rossiyaning Markaziy va shimoliy-g’arbiy viloyatlarida ko’p boqiladi. Bozorboy Suvonqulov.