ZA’FARON

ZA’FARON (Crocus sativus L.) — sapsarguldoshlarga mansub ko’p yillik o’tsimon tuganak piyozli o’simlik. Yovvoyi holda uchramaydi. Hindiston, Pokiston, Xitoy, Janubiy Yevropa, Ozarbayjonda katta maydonlarda ekiladi. Piyozining diametri 1-2 santimetr. Bargi 5— 15 ta, och sariq rangda; eni 2 millimetr, tuksiz. Guli 1-4 ta, gultoji oqish, pastki qismi (tashqi tomondan) binafsha rang, uzunligi 2-4 santimetr. Changchilari gulqo’rg’ondan qisqa. Ko’sagi cho’ziq, eni 6-7 millimetr. Fevral—iyulda gullaydi, aprel—avgustda meva beradi. Tarkibida efir moyi bo’lgani uchun hidi juda o’tkir va yoqimli. 90-100 ming dona Za’faron gulidan 1 kilogramm qurigan gul tumshuqchalari olinadi. Za’faron gulining quritilgan tumshuqchalari murabbo, tortlar rangi va ta’mini yaxshilash, oziq-ovqat (pishloq, sariyog’, likyor va boshqa rang berish uchun), parfyumeriya (atirupa) sanoatida ishlatiladi. Tabobatda doridarmon sifatida qo’llaniladi.