ZAGREB

ZAGREB — Xorvatiya poytaxti. Sava daryosining chap sohilida joylashgan. Aholisi 707 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Markaziy va G’arbiy Yevropadan Adriatika dengizi va Bolqon ya. oroliga boradigan temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Zagreb — Xorvatiyaning eng yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Mashinasozlikning turli tarmoqlari (stanoksozlik, elektrotexnika buyumlari); kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish, shuningdek, neftni qayta ishlash, kimyo, poligrafiya, qurilish materiallari, yog’ochsozlik, qog’oz, to’qimachilik, ko’n poyabzal va oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Zagrebda xalqaro yarmarka o’tkaziladi. Fanlar va san’at akademiyasi, universitet (1669 yildan), yadro fizikasi instituti, oliy o’quv yurtlari, yirik nashriyotlar, teatrlar, me’moriy va etnografik muzeylar, badiiy va hunarmandchilik muzeylari, kartinalar galereyasi bor. Zagreb tarixiy manbalarda dastlab 1094 yildan tilga olingan. 16-asr o’rtalaridan Xorvatiyaning bosh shahri. 1526-1918 yillarda (nemischa Agram nomi bilan) Gabsburglar monarxiyasi tarkibida. .1918 yildan Serb, xorvat va slovenlar qirolligi (1929 yildan Yugoslaviya) tarkibida, 1992 yildan mustaqil Xorvatiya poytaxti. Me’moriy yodgorliklardan episkop qarorgohi, sobori bilan (13-15, 19-asrlar), shahar qal’asi (13-18-asrlar), gotika cherkovi (14— 15-asrlar), barokko va klassisizm uslubidagi binolar (18-a.) saklangan. Zamonaviy binolar shaharning Janubiy qismida.