ZAHARLOVCHI MODDALAR

ZAHARLOVCHI MODDALAR — dushmanning askarlari, hayvonlari, shuningdek, oziq-ovqat, jangovar texnika, kiyim-kechaklarini zaharlash uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar. Zaharlovchi moddalar havo orqali binolar, turar joylar, pana joylarga tarqalib, ulardagi odamlarga shikast yetkazadi. Zaharlovchi moddalarning shikastlantirish xususiyati havoda, turar joylarda va turli narsalarda uzoq vaqt saqlanadi. Bug’lari shamol orqali juda katta hududga tarqaladi. Zaharlovchi moddalardan shikastlanish zaharlangan havodan nafas olish, u moddalarning ko’z, teri va kiyimga tegishli, zaharlangan ovqat yoki suvni iste’mol qilish va boshqalar orqali ro’y beradi. Lekin Zaharlovchi moddalar zaharlanish zichligi yetarli bo’lgandagina odamlarga shikast yetkaza oladi. Zaharlovchi moddalar suyuq holda joylarga sepilganda, ularning maydon birligiga to’g’ri keladigan miqdori zaharlanish zichligi deb ataladi va har kvadrat metrga to’g’ri keladigan grammlarda ifodalanadi. Zaharlovchi moddalar kishi organizmiga ta’sir etish xususiyatiga ko’ra organizmni umumiy zaharlaydigan, nerv to’qimalarini falajlaydigan, teri kasalliklari paydo qiladigan, bo’g’uvchi, yosh oqizadigan, badanni yallig’lantiradigan va boshqa turlarga bo’linadi. Nerv to’qimalarini falajlovchi Zaharlovchi moddalarga zarin, zoman, tabun; teri kasalliklarini paydo qiladigan Zaharlovchi moddalarga iprit, lyuizit; organizmni umumiy zaharlaydigan moddalarga tsianid kislota, xlortsian, fosfin; bo’guvchi moddalarga fosgen, difosgen va boshqalar kiradi. Bu bo’linish aslida nisbiydir, chunki aksariyat Zaharlovchi moddalar ko’p tomonlama ta’sir etish xususiyatiga ega. Xalqaro huquq 1925 yildagi Jeneva bayonnomasi bilan urushlarda bo’g’uvchi, zaxarlovchi gaz va bakteriologik vositalarni qo’llashni taqiqlaydi. Zaharlovchi moddalardan mudofaa qilish uchun dezaktivatsiya sharoitlariga amal qilinishi kerak. Qo’shin turlarida shahsiy tarkib uchun qilingan pana joy, qazilma o’ralar, qazilma yo’llar degazasiyalashtirilishi va shaxsiy tarkib maxsus kiyimlar bilan ta’minlanishi lozim. Aziza Erkaxo’jayeva.