Zamindor

Zamindor (forscha-yer egasi)-1) G’arb (Yevropa) adabiyotidagi “feodal” istilohining Movarounnahr xalqlari orasidagi nomlanishi bo’lib, O’rta Osiyo xonliklarida yirik yer egasini anglatgan. 2) o’rta asrlarda Hindistonda yirik yer egasi. Dehli sultonligi va Boburiylar saltanatida vassal hokimlar (roja, sulton va mahalliy elat boshliqlari), XVII-XVIII asrlarda Bengaliya, Bihar, Markaziy Hindistonda ijarador, Shimoliy-G’arbiy Hindistonda jamoaning to’la huquqli a’zosi (dehqon) ham Zamindor deyilgan. Inglizlar mustamlakasi vaqtida zamindori tizimi bo’yicha yer solig’i to’laydigan xususiy yer egalari ham Zamindor deb atalgan. Zamindor yerlari, jogir yerlaridan farqli o’laroq meros qoldirilgan. Hindiston mustaqillikka erishgach, Zamindorlik tizimi tugatildi.