«ZARINA VA STRIANGEY»

«ZARINA VA STRIANGEY» — tarixiy qissa. Muallifi — yunon tarixchisi Ktesiy (miloddan avvalgi 400 yil). Qissada (uning turli variantlari bor) saklar bilan Midiya davlati o’rtasidagi urushlar haqida hikoya qilinadi. Saklar malikasi Zarina birinchi eri podsho Kidrey vafot etgach, Midiyaga tobe Parfiya viloyati dinasti (hokimi) marmarga turmushga chiqadi. Bundan norozi bo’lgan Midiya saklarga qarshi urush ochadi. Janglardan birida Zarina yarador bo’lib, jang maydonidan o’zini chetga oladi, uni midiyalik Striangey ta’qib etib otdan qulatadi. Biroq asirasi yosh, go’zal sak qizi ekanligini ko’rgach, Striangey unga oshiq bo’lib, Zarinaga ziyon zaxmat yetkazmay qo’yib yuboradi. Oradan bir oz vaqt o’tgach, Zarinaning eri marmar Striangeyni asir olib, uni qatl qilmoqchi bo’ladi. Zarina eridan Striangeyni ozod qilishni so’raydi, biroq rad javobi olgach, Striangeyni va asirlardan bir qanchasini o’zi xalos etib, ular bilan birgalikda marmarni o’ldiradi. Shundan so’ng midiyaliklarga Parfiya viloyatini qaytarib, ular bilan do’stlik sulhi tuzadi. «Zarina va Striangey» qahramonlik va sevgi haqidagi qissa bo’lib, uning bosh qahramoni Zarina tarixiy shaxs — sak hukmdorlaridan biri bo’lgan. Qissada u zakovatli va tadbirkor, qabiladoshlariga g’amxo’r hukmdor, shuningdek, ornomusli, odobli va iffatli ayol sifatida gavdalanadi. Ktesiy ma’lumotiga ko’ra, Zarina vafotidan keyin saklar unga ehrom shaklida maqbara qurib, oltin haykal o’rnatishgan. Qissa Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan. Ad.: Pyankov I. V., Srednyaya Aziya v izvestiyax antichnogo istorika Ktesiya, Dushanbe, 1975.