ZARURIYAT VA TASODIF
ZARURIYAT VA TASODIF — borliqdagi narsa va hodisalar o’rtasidagi o’zaro aloqadorlikni ifodalovchi falsafiy tushunchalar. Zaruriyat — narsa va hodisalarning tabiatidan kelib chiqadi, ularning ichki qonuniyatini ifoda qiladi. U muayyan sharoitda yuz berishi muqarrar bo’lgan voqea yoki hodisadir. Tasodif — narsa va hodisalarning ichki tabiati bilan bog’lik bo’lmagan, tashqi ta’sir, yuzaki va ikkinchi darajali, o’tkinchi tomonini ifoda etadi. U yuz berishi ham, yuz bermasligi ham mumkin. Zaruriyat va tasodif borliqdagi o’zaro bog’liq bo’lgan, biri ikkinchisiz mavjud bo’lmaydigan narsa va hodisalarning o’zgarish va rivojlanishiga oid aloqadorlikning ikki tomonidir. Ular o’zaro bog’liq va o’ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan tubdan farq qiladi. Zaruriyat, birinchidan, hodisalarning oldingi taraqqiyoti orqali qonuniy tayyorlangan bo’ladi, ikkinchidan, uning sababi o’zida bo’lib, u mazkur narsa va hodisaning ichki tabiatidan kelib chiqadi; uchinchidan u narsa va hodisaning muhim, takrorlanib turadigan ichki aloqadorliklaridan kelib chiqadi; to’rtinchidan, zaruriyat yuz berishi muqarrarlik xususiyatiga ega bo’lib, albatta, yuz beradi; beshinchidan, u doim qonuniyat bilan bog’liq bo’lib, umumiy tipik xarakterga ega. Tasodif ham sababsiz yuz bermaydi. Uning sababi, narsa va hodisaning o’zida emas, balki undan tashqarida bo’ladi. Tasodifning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilar: birinchidan, tasodif narsa va hodisalarning rivojlanishi davomida emas, balki turli tashqi jarayonlarning ta’sirida sodir bo’ladi; ikkinchidan, borlikqdagi nomuhim bog’lanishlardan kelib chiqadi; uchinchidan, tasodif narsa va hodisalarning rivojlanish mayllarini belgilab bermaydi, shunga ko’ra u muqarrar emas, to’rtinchidan, tasodif umumiy emas, balki yakka xususiyatga ega; beshinchidan, tasodif qonuniyat bilan bog’liq emas. Tasodiflarni oldindan aytib berish mumkin emasligi uni, go’yoki, sababiyat tamoyiliga zidga o’xshaydiganday qilib qo’yadi. Aslida, tasodifiy voqealar, garchi aniq ma’lum bo’lmasa ham, Real mavjud bo’lgan muayyan shartsharoit va sabablar oqibatidir. Ular betartib ravishda, hech narsa yo’q joydan paydo bo’lmaydi, ularning kelib chiqishi imkoniyati, garchi qat’iy ravishda bo’lmasa ham, o’zining sababiy asoslariga ega. Bu ko’p miqdordagi bir xil tasodifiy hodisalarni o’rganish natijasida payqab olinadi va matematik statistika apparati erdamida ifodalanadi. Zaruriyat va tasodif o’zaro bog’liqdir, bunda tasodif zaruriyatning ichki tizimida yashiringan bo’lgani kabi zaruriyat ham tasodiflar tizimida, ularning takrorlanishida mavjud bo’ladi, ular bir-birisiz, alohida-alohida mavjud bo’la olmaydi. Ijtimoiy munosabatlarda zaruriyat bilan tasodif nisbatini to’g’ri anglash jamiyat hayotining ob’yektiv taraqqiyot qonunlarini bilib olish va amalda qo’llashning asosiy shartidir. Chunki ijtimoiy taraqqiyotning ob’yektiv yo’nalishi o’zining muayyan maqsad va intilishlariga ega bo’lgan alohida shaxslar, ijtimoiy guruxdar faoliyatida amalga oshadi. Zaruriyat va tasodifni bir-biridan farq qilishda har doim tayin sharoitni hisobga olish zarur. Borliqdagi hamma narsa va hodisalar o’zlarining o’zgarish va rivojlanishi jarayonida doim ham zaruriy, ham tasodifiy aloqadorliklarni o’z ichiga oladi. Ularni o’rganish va bilib olishda bu aloqadorliklarni o’zaro chalkashtirib yubormaslik lozim. Shuning uchun kishilar o’zlarining amaliy va ilmiy faoliyatlarida Zaruriyat va tasodifning ob’yektivligini va aloqadorligini nazarda tutishi goyat muhimdir. Fanning vazifasi narsa va hodisalar tizimida yashirinib yotgan, insonga noma’lum bo’lgan ichki zaruriy aloqadorliklarni va bu tizimdagi tashki tasodiflarni aniqlashdan iborat. Borliqda qat’iy zaruriyat doimo tasodiflar tizimida hukmronlik qilib, tadqiqotchi o’z ilmiy faoliyati jarayonida tasodifiy hodisalar tizimida mavjud bo’lgan zaruriyatni kashf etishga intiladi. Turli ko’rinishda mavjud bo’lgan tasodiflarni chuqur tadqiq qilish, ularning bir-birlari bilan aloqadorliklarini aniqlash, ular tizimida mavjud bo’lgan, lekin yashirinib yotgan zaruriyatni ochish insonlarning ham nazariy, ham amaliy faoliyati uchun katta ahamiyatga molik. Abdulla Ayupov.