ZAYD IBN SOBIT

ZAYD IBN SOBIT, Abu Xorija (Abu Sayd) Zayd ibn sobit ibn az Zahhok al-Ansoriy al-Xazrajiy (taxminan 615-taxminan 665) — Muhammad (sav)ning kotibi, Qur’onning yozma matnini jamlovchisi. Xazraj qabilasidan. 11 yoshida Islomga kirdi, Muhammad (sav) xuzurida Qur’onni o’rgandi va yod oldi. Sahobalarning yetuk namoyandalaridan biriga aylandi. Oromiy (suryoniy) xamda yaxudiylar xati (yozuvi) va tilini bilgan. Muhammad (sav) vafotidan so’ng xalifa Abu Bakr as-Siddiq unga Qur’on matnini jam qilishni buyurdi. Xalifa Usmon ibn Affon davrida (650 yildan so’ng) unga uch makkalik (Abdulloh ibn az-Zubayr, Sa’d ibn al-Asom, Abdurahmon ibn al — Horis) bilan birga Qur’onning rasmiy yozma matnini tuzish topshirilgan. Tuzilgan bu to’plam «Mushaf», «Usmon Mushafi» nomi bilan yuritilgan. Uni xalifa Usmon birdan-bir to’gri va barcha musulmonlar o’qishi uchun majburiy matn, deb e’lon qilgan. Undan farq qiladigan to’plamlarning barchasini yo’qotish haqida buyruq bergan. Zaid ibn Sobit, shuningdek, mol-mulkni taqsimlash qoidalari (faroiz) bilimdoni, hazrat Umar davrida qabilalar devonini tuzuvchilardan biri, xalifa Usmon davrida Madinada xalifaning xazinaboni bo’lgan va qozilik qilgan.