ZAYTUN

ZAYTUN (Olea) — Zaytundoshlar oilasiga mansub o’simlik turkumi. 600 ga yaqin turi ma’lum. Faqat bir turi — Yevropa zaytuni (o. europaea, Zaytun daraxti) xo’jalik ahamiyatiga ega. Yevropa, Osiyo, Amerika, Afrikada ekiladi. Zaytun yetishtiradigan asosiy mamlakatlar yaqin Sharq va O’rta dengiz mamlakatlari — Ispaniya (2 million gektardan ortiq), Italiya (1,5 million gektar), Gretsiya (500 ming gektar) va portugaliyadir. Ozarbayjon, Gruziya, Qrim, Turkmaniston, Rossiyaning Krasnodar o’lkasida xam zaytunzorlar bor. Ekiladigan Zaytun daraxti balandligi (4-12 metr), shox-shabbasi tarvaqaylagan. Barglari mayda, uchli yoki to’mtoq, to’q yashil, yaltiroq, poyada qaramaqarshi joylashgan. Gullari ikki jinsli, oqish, shingil yoki ro’vaksimon, 3-5 millimetr, xushbo’y hidli. Mevasi — rezavor, danakli, Tuey qora, to’q binafsha. Mevasi etida 80% gacha, mag’zida 30% gacha moy, oksil, vitamin S va karotin bor. Kurg’oqchilikka chidamli, 13-18° sovuqqa bardosh beradi. 300-400 (1000 gacha) yil yashaydi. Har tupidan 20-40 kilogramm hosil olinadi. Unumdor, qumoq va qumloq, ohakli tuproqlarda yaxshi o’sadi. Danagidan yetishtirilgan ko’chati 10— 12 yil, qalamchasidan 4—5 yil hosilga kiradi. Zaytun danagi, ildiz bachkisi, qalamchasidan ko’paytiriladi, asosan payvand qilingan 2-3 yillik ko’chati 10×10 metr, 10×8 metr (buta shaklida o’stirilganda 6×6 metr) qilib bahorda ekiladi. Agrotexnikasi boshqa subtropik meva daraxtlarnikiga o’xshash. Zaytun: 1 — yetilgan mevali shoxi; 2 — g’o’ra mevasi. Mevasi marinadlanadi, g’o’rasi va pishgan mevasi konserva qilinadi. Zaytunning pishgan mevasi etida (25-80%) qurimaydigan moy bor. Zaytun, asosan, moyi uchun yetishtiriladi. Mevasini sovuqlayin presslab olinadigan birinchi fraktsiya Zaytun moyi oziq-ovqat uchun, shuningdek, konserva sanoati va tibbiyotda ishlatiladi. Turpi va danagini qizdirib presslab olinadigan ikkinchi fraktsiya Zaytun moyi texnikada va sovun pishirishda qo’llaniladi. Kunjarasi chorva uchun yem, yog’ochidan qimmatbaho buyumlar tayyorlanadi. Rixsivoy Jo’rayev.