ZIDDIYAT
ZIDDIYAT — jamiyat va tafakkur taraqqiyotining manbaini, harakatga keltiruvchi kuchini va ichki mazmunini tashkil etadi. Taraqqiyot Ziddiyatlarning paydo bo’lishi, rivojlanishi va bartaraf qilinishi jarayonidan iborat. Ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari bir biriga mos keladigan yoki manfaatlarini o’zaro kelishtirish mumkin bo’lgan ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o’rtasidagi Ziddiyatlardir. Sobiq sho’rolar davlatining ba‘zi mintaqalarida sodir bo’layotgan qonli to’qnashuvlar, fuqarolar urushi o’sha hal qilinmay qolgan Ziddiyatlarning oqibatidir. Jamiyatdagi Ziddiyatlar turli shakl va usullar bilan bartaraf qilinadi. Ulardan ba‘zilari eskining yemirilishi va yangining qaror topishi asosida hal qilib borilsa, boshqalari shu Ziddiyatni tashkil qilgan qarama qarshi tomonlarni o’zaro kelishtirish, murosayu madoraga keltirish, hamjihatlik va hamkorlikka erishish yo’li bilan bartaraf etilishi mumkin. Keyingi vaqtda jamiyatdagi Ziddiyatlarni hal qilishda qo’llanilayotgan samarali usullardan biri konsensus (o’zaro kelishuv)dir. Ilgari Ziddiyatlarni hal qilishning bu usuliga yetarli e‘tibor berilmagan. Yangicha tafakkurning qaror topishi bilan jamiyatdagi Ziddiyatlarni hal qilishda Gegel qayd qilib o’tgan konsensus usulidan foydalanish maqsadga muvofiq bo’lib chiqdi. Uzoq yillar davomida bir biriga qarama qarshi bo’lib kelgan davlatlar, jamiyatdagi qarama qarshi tomonlar, kuchlar, ijtimoiy guruhlar, harakatlar va partiyalar o’rtasidagi Ziddiyatlarni jamiyatning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib hal qilishda konsensus usuli juda qo’l kelmoqda. Ziddiyatlarni bartaraf etishdagi bu usul jahon xalqlarining milliy totuvlikka, o’zaro hamkorlikka va birdamlikka, barqarorlikka erishishida muhim ahamiyatga ega bo’lmoqda.