ZIJLAR

ZIJLAR (forscha — bo’yra) — qadimgi astronomik jadvallar. O’rta asrlarda barcha astronomik rasadxonalar o’z oldiga Quyosh, oy va oddiy ko’z bilan ko’rinadigan sayyoralarning yulduzlar orasidagi harakatlarini kuzatish, kuzatish ma’lumotlari asosida astronomik doimiylarning qiymatlarini hisoblab topish; oy va Quyosh taqvimlariga tegishli ma’lumotlarning jadvallarini tuzish; shuningdek, yulduzlarning koordinatalari, yirik aholi punktlari va shaharlarning geografik koordinatalarini aniqlab, ularni jadvallarda aks ettirish kabi vazifalarni qo’yardi. Rasadxonalar faoliyatining katta qismi olingan kuzatish ma’lumotlari asosida jadvallar tuzishni taqozo qilardi. Bunday ko’p jadvallarni o’z ichiga olgan astronomik asarlar, odatda, «Zij» deb yuritilar edi. Jadvallarning tik (vertikal) va yotiq (gorizontal) chiziqlari (sonlari bilan birga) bo’yrani eslatgani uchun ham mazkur risolalar shunday nom bilan atalgan, deb taxmin qilinadi. Zijlar yoylarning sinuslari, ya’ni vatarlari jadvallarini, trigonometrik funktsiyalar jadvallarini ham o’z ichiga olgan. Fors olimlari qo’lyozmalarida «Zij» atamasi 7-asrdan boshlab, Arab xalifaligida astronomiyaga oid mashhur Zijlar 9 asrdan boshlab uchraydi. 9 asr o’rtalarida Klavdiy Ptolemey (2 asr) ning «Almagest» («al-Majistiy») astronomik asari Arab tiliga o’girilgan. Umuman, 8, 9 asrlarda qariyb 100 ga yaqin Zijlar tuzilganligi ma’lum. Ulardan 20 ga yaqini mualliflarning bevosita astronomik kuzatishlari asosida tuzilgan bo’lib, ko’pchiligi O’rta Osiyoda, aniqrog’i, Movarounnahrda yoki Movarounnahr olimlari ishtirokida tuzilgan. Ko’p Zijlar ularni tuzuvchi olimlarga homiylik qilgan davlat arboblariga bag’ishlangan. Sharqda eng mashhur Zijlar quyidagilardir: Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (taxminan 780-850) va Abbos ibn Sayd al-Javhariy (9 asr) tomonidan tuzilgan va abbosiylar xalifasi Ma’mun arrashidga (813-883) bag’ishlangan «Ziji al-Ma’muniy», sobiylar toifasidan chiqqan Muhammad al-Battoniy (850— 929) tomonidan tuzilgan «Ziji assobiy», marvlik Ahmad ibn Abdulloq Habash al-Hosib (9 asr) tomonidan tuzilgan «Ziji alhabashiy», Umar Xayyom (1048-1131) tomonidan tuzilgan va Saljuq sultoni Malikshoh ibn Ali Arslonga (1072-1092) bag’ishlangan «Ziji Malikshohiy», marvlik Abulfath Abdurrahmon al-Haziniy (12 asr) tomonidan tuzilgan «Ziji alHaziniy», Abu Rayhon Beruniyning G’azna sultoni Ma’sud G’aznaviyga bag’ishlangan «Qonuni Ma’sudiy» si, Ozarbayjon astronomi Nasriddin Tusiy (1201 — 1274) rahbarligida tuzilib, mo’g’ul xoni Xalokuga bag’ishlangan «Ziji Ilxoniy», G’iyosiddin Jamshid alKoshiy (taxminan 14-15 asrlar) tomonidan tuzilib, Ulug’bekka bag’ishlangan «Ziji Xoqoniy», Ulug’bek va uning shogirdlari tomonidan tuzilgan «Ziji Ko’ragoniy («Ziji Ulug’bek») va boshqalar. Dastlabki Zijlarning aniqligi Ptolemey jadvalining aniqligidek bo’lgan, biroq keyingi Zijlarda ancha yuqori aniqlikka erishilgan. Chunonchi, al-Xorazmiy zijida oltmishlik sanoq sistemasida sinuslar jadvali g oraliqda uch xona aniqlikda va kotangenslar jadvali bir xona aniqlikda berilgan. Habash al-Hosibning zijida sinus, sinusverzus, tangens, kotangens va kosekanslar jadvali g oraliqda uch xona aniqlik bilan berilgan. Beruniyning «Qonuni Ma’sudiy» asarida sinuslar jadvali 15′ oraliq bilan, tangenslar jadvali g oraliq bilan berilgan. Beruniy, xususan, sin g ni 10 8 gacha aniqlik bilan hisoblagan. Eng aniq zijlardan biri Ulugbekning «Ziji Ko’ragoniy»si bo’lib, unda 1018 ta yulduzning ekliptik koordinatalar sistemasidagi holati ko’rsatilgan va sinuslar jadvali g oraliq bilan, tangenslar jadvali 45° gacha G aniklik bilan, 46° dan 90° gacha 5′ aniqlik bilan berilgan. Ulug’bek Ziji buyicha trigonometrik funktsiyalar qiymatlarini qariyb 10~10 gacha aniqlik bilan hisoblash mumkin. Sharq mamlakatlarida tuzilgan Zijlar G’arbiy Yevropada trigonometriya va astronomiyaning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Xususan, al-Xorazmiy, al-Battoniy, al-Haziniy, Beruniy, Nasriddin Tusiy va Ulug’bek jadvallari 11 — 17 asr G’arbiy Yevropa olimlariga ma’lum bo’lib, G’arb tillariga tarjima qilingan va Yevropada fan va madaniyatning rivojlanishida muhim o’rin tutgan. Ad.: Yushkevich A. P., Istoriya matematiki v srednie veka, M., 1961; Kari Niyazov T. N., Astronomicheskaya shkola Ulugbeka, Izbr. Trudi t. 6, T., 1967; M a medbe ili G. D., Osnovatel Maraginskoy observatorii Muxammed Nasireddin Tuey, Baku, 1961; Geveliy Yan., Atlas zvyozdnogo neba, T., 1968. Abdumajid Rahimov, Mamatmuso Mamadazimov.