Zilzila, yer qimirlash
Zilzila, yer qimirlash — Yer po`stining ichki qismidagi tabiiy kuchlar ta’sirida sodir bo`ladigan silkinishlar. Sabablariga qarab tektonik vulkan va o`pirilish zilzilalariga bo`linadi. Silkinish paydo bo`lgan joy zilzila o`chog`i, uning markazi esa giposyentr deyiladi. Zilzila o`chog`i Yer po`stidan 50 km gacha, ba’zan 700 km gacha chuqurlikda bo`lishi mumkin. Gipotsentrning yer yuzasidagi nuqtasi epitsentr deyiladi. Silkinishlar epitsentrda qattiq bo`lib, undan uzoqlashgan sari silkinish kuchi susaya boradi. Zilzila kuchi seysmik stansiyalarda seysmograflar vositasida o`lchanadi. Kuchli zilzilada yer yuzasida jarlar, yoriqlar paydo bo`ladi, qoyalar ag`darilib tushadi, daryo o`zanlari to`siladi, fontanlar yuzaga keladi, bularning hammasi suv toshqini, yong`inlarga sabab bo`ladi. Natijada zilzila bo`lgan joyning qiyofasi o`zgaradi. Zilzila ko`pincha tektonik harakatlar tez-tez yuz beradigan tog`li hududlarda sodir bo`ladi (Tinch okean va O`rta dengiz bo`ylari, Alp, Kavkaz-Himolay tog`lari). MDHda bo`ladigan zilzilalarning ko`pchiligi Karpatdan Kamchatkagacha bo`lgan zonada sodir bo`ladi. O`rta Osiyo ham juda faol seysmik hudud hisoblanadi. 1966-yil 26-apreldagi Toshkent zilzilasi o`rta quvvatli bo`lishiga qaramay, zilzila o`chog`i yer yuziga yaqin joylashganligi tufayli qisman vayronagarchilikka sabab bo`lgan. Zilzila kuchi seysmik ballar bilan aniqlanadi. Jahonda 12 balli seysmik shkala qabul qilingan. Zilzila sabablarini seysmologiya fani o`rganadi. Bir yil mobaynida 100 mingdan 1 mln. martagacha zilzila bo`lishi mumkin. Shulardan bir necha mingtasigina kishilarga seziladi. Xalq xo`jaligiga zarar yetkazadigan zilzilalar esa yiliga bir necha yuz marta bo`ladi.