ZINJANTROP
ZINJANTROP (Zinj Sharqiy Afrikaning qadimgi Arabcha nomi va Yunoncha anthropus — odam) — avstralopiteklarga mansub qadimgi qazilma odamsimon maymun. Zinjantrop bosh skeletini ilk bor arxeolog Luis Liki 1959 yil Oldovay darasi (Tanzaniya) dan topgan. Liki uning ensa qismi va kesmasi tuzilishiga ko’ra dastlab Homo urug’iga kiritgan va ekspeditsiya uchun mablag’ ajratgan Boysi sharafiga Boysi zinjantrop deb atagan. Lekin Zinjantropning morfologik tuzilishi uning hatto tosh qurol ham yasashi mumkin emasligini ko’rsatdi, shuning uchun uni Boysi Janub odami (Zinjanthropus boisei) deb nomlagan. Zinjantropning bosh skeleti bo’ylab pushtacha o’tgan, kichik oziq tishlari yirik oziq tishlariga bir oz o’xshash, kurak va qoziq tishlari nisbatan mayda bo’lgan. Dag’al o’simlik bilan oziqlangan. Zinjantrop bundan 2 million yil ilgari yashagan deb taxmin qilinadi.