ZIRABULOQ JANGI

ZIRABULOQ JANGI Buxoro amirining sarbozlari bilan amirlik hududiga bostirib kirgan podsho Rossiyasi qo’shinlari o’rtasida bo’lib o’tgan hal qiluvchi jang (1868 yil, 2-3 iyun). General Kaufman qo’mondonligidagi mustamlakachi qo’shinlar Samarqandni egallagach (1868 yil 1-2 may), Buxoro tomon yurishni davom ettirgan. Buxoro amiri qo’shinlari 6000 sarboz va 15 ming otliqdan iborat bo’lib, yomon qurollangan edi. Rus qo’shinlari 3000 nafar bo’lib, ularning 14 to’pi va 6 zambaragi ham bor edi. Amir Muzaffar (1860-85) Samarqanddan Zirabuloq qo’rg’oni tomon chekingan. Zirabuloq jangi 2 iyun kuni tongda, rus piyoda askarlarining hujumi bilan boshlangan. Amir sarbozlari mardona jang qilib ularni chekinishga majbur etgan. 3 iyunda general Kaufman Amir qo’shinini to’plardan o’qqa tutib, yangidan hujumga o’tgan, natijada Hoji va Usmon To’qsabo rahbarligidagi Amir sarbozlarini chekinishga majbur etgan. Vatan himoyachilaridan 1000 kishi jangda halok bo’lgan. Zirabuloq jangi Buxoro amirligi taqdirini uzil-kesil hal qilgan. 1868 yil 23 iyunda Samarqandda imzolangan Rossiya-Buxoro sulh shartnomasiga ko’ra, Buxoro amirligi Rossiyaga tobe bo’lib qolgan. Ad.: O’zbekiston xalqlari tarixi, 2 j., T., 1993.