ZIRADOSHLAR

ZIRADOSHLAR, Soyabonguldoshlar (Apiaceae) — ikki urug’pallalilar yoki magnoliyasimonlar sinfiga mansub o’simliklar oilasi. Asosan, bir yillik yoki ko’p yillik o’tlardan iborat. Tropik va subtropik mamlakatlarda o’sadigan ayrim turlari buta. Poyasi, asosan, tik o’sadi. Ko’pchiligining barglari murakkab, turli darajada qirqilgan. Gullari mayda, oq, ko’kishsariq yoki och qizil rangli, ko’pincha murakkab soyabonsimon to’pgullarga yig’ilgan. Soyaboni oddiy yoki murakkab, uzunligi 1 metrgacha yetadi. Har bir soyabonda bir nechtadan gul o’rnashadi. Pishgan mevasi 2 ta mevachaga ajralib, mevabandda osilib turadigan qo’sh pistachadan iborat. Asosan, yer yuzining quruq mintaqalarida tarqalgan. 300 ga yaqin turkumi, 3000 dan ortiq turi bor. O’zbekistonda 69 turkumi va 198 turi o’sadi. Ziradoshlarning ayrim turlari (masalan, zira, kashnich, sabzi, sumbul, shivit, kovrak, arpabodiyon, alkor va boshqalar) tarkibida (ko’pincha, meva va barglarida) hilma xil efir moylari bo’lganligi uchun ulardan qadimdan foydalanib kelinadi. Ziradoshlar tibbiyot, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatida ishlatiladi. Ba’zi turlari (masalan, sassiqalaf) zaharli, ba’zilari ekinlar orasida begona o’t sifatida o’sadi.