ZIYO
ZIYO (taxallusi; asl ism-sharifi Mirza Muxammal Sharif Sadr ibn Abdishukur) (1867—Buxoro—1932) — shoir, olim. Buxoro madrasalarida tahsil ko’rgan. Arab va fors tili grammatikasi, mumtoz adabiyot, tarix fanlarini, xattotlik san’atini puxta egallagan. «Tazkor ulash’or» («She’riyat xotiranomasi», O’zFAShI, inv. №1304) tazkirasini tuzgan. Asar nazmda yozilgan. Unda Ahmad Donish, Shamsuddin Mahmud Shoqin kabi shoir va olimlarning hayoti, ijodiga keng o’rin berilgan. Asar O’rta Osiyo, xususan, 19 asr 2-yarmi — 20 asr boshlaridagi Buxoro adabiy muhitini o’rganishda muhim manba hisoblangan. Ziyo «Tazkirat ushshuaroi mutaqaddimin va salatini maosirin va buzurgoni mutavarrin» («O’tmish va hozirgi zamon shoirlari, sultonlari tazkirasi»), «Shuaroi mutaaxxirin va fuzaloi maosirin» («So’nggi davr shoirlari va zamondosh fozillar»), «Tazkirat ulhukamo» («Hokimlar tazkirasi»), «Navodiri ziyoiya» («Ziyo nodirliklari») kabi adabiyot, tarix, geografiyaga oid asarlar muallifi.