ZIYO SAID

ZIYO SAID (taxallusi; asl ism-sharifi Qosim Solihov) (1902 — Toshkent — 1938) — o’zbek jurnalisti, dramaturgi va tanqidchisi. Eski usul maktabida savod chiqargan. Dastlab «Ishtirokiyun» (1918— 20), «Yosh Sharq» (1920-22) gazetalarida, «O’zgarishchi yoshlar» (1922-24) jurnaliida ishlagan. «Qizil O’zbekiston» gazetasida sarkotib (192627), «Mushtum» jurnali muharriri (1927-31), O’zbekiston radioeshittirish qo’mitasi raisi (1937-38). Ijodi 1922 yildan boshlangan. «Qonli kun» (1926, Mo’minjon Muhammadjonov bilan hamkorlikda) dramasi 1916 yildagi Toshkent qo’zg’oloni haqida. «Tarix tilga kirdi» (1931, Nazir Safarov bilan hamkorlikda) dramasida 30 yillardagi keskin mafkuraviy kurashlar tasvirlangan. «To’ralik sirtmog’i» (1935) pyesasida xalqning dardu tashvishlaridan yiroq amaldorlar qiyofasi aks ettirilgan. Ziyo Said ijodining asosiy qismini hajviyalar tashkil etadi. Bundan tashqari, u o’zbek dramaturgiyasi va kino san’ati muammolari tahlil etilgan ko’plab maqolalar muallifi. Ziyo Said ijodiy merosida 1927 yilda nashr etilgan «O’zbek vaqtli matbuoti tarixiga oid materiallar» (1870-1927) risolasi alohida ahamiyatga molik. Risola o’zbek matbuotining shakllanish tarixini o’rganishda muhim manbadir. Qatag’on qurboni bo’lgan. Toshkent ko’chalaridan biriga Ziyo Said nomi berilgan. As: tanlangan asarlar, T., 1974.