ZIYORAT

ZIYORAT — muqaddas joylarga, mozor va qabristonlarga borib muayyan rasm-rusumlarni bajarib kelish. Islom dini aqidasiga ko’ra, aziz avliyolarning makbaralariga Ziyorat uchun borganda ularning ruhlaridan madad so’rashlik, hojatlar ravo qilinishi, dardlarga shifo berilishi, farzand ato etilishi kabi iltijolar nojoizdir. Chunki bu kabi amallarni ro’yobga chiqarish faqat Allohning ixtiyoridadir. Ziyorat qilinuvchilar payg’ambar bo’ladimi, avliyo yoki tariqat shayxi bo’ladimi, ulardan najot so’rash o’rniga haqlariga duoyi xayr qilish, sadaqaehson savoblarini ularning ruhlariga hadya etish o’rinlidir. Islomda shaxsga sig’inish shirk sanaladi. Muhammad (sav) o’zlarining bir hadisi shariflarida aytganlar: «Qabristonlarni ziyorat qilib turingizlar, zero u oxiratni eslatadi». Oxiratni eslash esa kishini yovuzlikdan uzoqlashtirib, ezgulikka yaqinlashtiradi.