ZOHIDLIK
ZOHIDLIK, asketizm — tarki dunyochilik, saqlanish. Xudoning marhamatiga musharraf bo’lish uchun tarki dunyo qilish zarurligi haqidagi diniy tasavvur. Zohidlik xristianlikda monaxlikda ko’rinsa, Islomda darvishlik, chilla o’tirish, ro’za tutish, zikr tushish kabilarda namoyon bo’ladi. Tasavvufda Zohidlik Allohning zikriga halal beruvchi barcha narsalarni tark etish demakdir. Bunda Allohga shirk keltirishdan saqlanish va ibodatda riyodan xoli bo’lish; barcha gunohlardan va harom narsalardan saqlanish va nihoyat ortiqcha dunyoviy ashyolarga mehr qo’ymaslik nazarda tutiladi. Shariat va tariqat odoblariga bu xilda rioya etishni Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Xo’ja Ahror, Najmiddin Kubro va boshqalar targ’ib etganlar.