ZOHIRIYLAR

ZOHIRIYLAR (Arab, zohir — tashqi, oshkor) — Dovud ibn Ali alisfahoniy az-zohiriy (883 yilda vafot etgan) asos solgan Islom huquqiy maktabi (mazhabi) izdoshlari. Dovud ibn Ali huquqiy amaliyotda Qur’on va sunnani aynan tushunish va talqin qilishnigina tan olgan birinchi faqih edi. Uning tarafdorlari Qur’on matnidagi yashirin (botiniy) ma’noni rad etib, uni majoziy talqin etib bo’lmaydi, deb hisoblaganlar. Zohiriylar huquq uslubi masalalarida mantiqiy usullar (ra’y, istihson va boshqalar) dan foydalanishga keskin qarshi edilar. Keyinchalik, qiyos va ijmoni juda cheklangan darajada qo’llashga rozi bo’lganlar. Zohiriylar mazhabi 10— 13-asrlarda musulmonlar olamida keng tarqaldi. Iroqda Zohiriylar o’z mazhablarini o’rganishni tashkil qildilar va bu ta’limotni Iroqdan tashqarida ham faol targ’ib qildilar. Zohiriylar 15-asrdan asta yo’q bo’la boshladi.