ZOKIRKO’L
ZOKIRKO’L — Qoraqalpog’iston Respublikasi Mo’ynoq tumanidagi qurib qolgan ko’l. Amudaryoning quyi oqimida, Qipchoqdaryodan ajralib chiqadigan Madalio’zak tarmog’ining bog’lanishidan 3 kilometr Janubi g’arbda bo’lgan. Maydoni 50-yillarning boshida 10 kilometr kvadrat, o’rtacha chuqurligi 0,5 metr bo’lgan. Shimoldan Janubga cho’zilgan bo’lib, Qipchoqdaryoni Mo’ynoq qo’ltig’i bilan tutashtirib turgan. Zokirko’l daryo, kollektorzovur suvlaridan to’yingan. O’sha davrlarda ko’l qirg’oqlari yassi, atrofi qalin to’qayzor bo’lgan. Ko’ldan cho’rtan, qizilqanot, zog’ora, laqqa baliqlar ovlangan, ko’plab boqilgan. Amudaryo suvining kamayishi natijasida ko’l ham kichraya borgan: maydoni 1955 yilda 6,6 kilometr kvadrat, 1960 yilda 5 kilometr kvadrat, 1965 yilda esa qurib qolgan. Yog’in ko’p bo’lgan 1969 yil Zokirko’l botig’i yana suvga to’la boshlagan: 1972 yil maydoni 2,73 kilometr kvadratga yetgan. Zokirko’l 1980 yillarda butunlay qurib qoldi.