ZOLOTARYOV VASILIY ANDREYEVICH

ZOLOTARYOV VASILIY ANDREYEVICH (1872, Taganrog — 1964, Moskva) — rus kompozitori, musiqashunos olim, pedagog. Rossiyada xizmat ko’rsatgan artist (1932), professor (1918). Belorussiya xalq artisti (1949). Peterburg konservatoriyasini tugatgan (1900). O’zbekiston kompozitorlik ijodiyoti, xususan, vokal-simfonik musiqa rivojiga hissa qo’shgan. Zokoniyning «Oq gul» operasi, o’zbek xalq kuylari («Rajabiy» va «Mirzadavlat») asosidagi «Farg’ona marshi», «O’zbek rapsodiyasi» va raqs syuitasi (1931), «Navoiyning 6 g’azali» vokal-simfonik syuitasi (1941), o’zbek shoirlarining she’rlariga yozgan romanslari bor. Opera, balet, kamer asarlari, shuningdek, «Fuga. Amaliy o’zlashtirish uchun qo’llanma» (3-nashri — 1965) va boshqa kitoblar muallifi.