ZOLYA

ZOLYA (Zola) Emil (1840.2.4 — Parij — 1902.29.9) — frantsuz yozuvchisi. Ilk ijodi romantizm ruhida: «Ninon ertaklari» (1864), «Klodning tavbasi» (1865), «Marhumning vasiyati» (1866) va boshqalar. 60-yillarda naturalistik ruxdagi «O’liklar vasiyati» (1866), «Tereza Raken» (1867), «Madlen Fera» (1868) kabi romanlar yozdi. «Rugon-Makkarlar» 20 jildli romanlar turkumida (1871- 93) Napoleon davridagi siyosiy tuzum qoralangan («Rugonlarning ulg’ayishi», 1871; «Tor-mor», 1893), jamiyatdagi moliyaviy hiyla-nayranglar fosh etilgan («O’lja», 1872; «Pul», 1891), kiborlarning axloqsizligi ko’rsatilgan («Nana», 1880), amalparast, ma’naviy qashshoq kimsalar kalaka qilingan («Parij qurtlari», 1873), nasroniylarning teskarichilik harakatlari fosh etilgan («Plassanning zabt etilishi», 1874). Zolya bir qator romanlarida oddiy mehnatkashlarning olijanob timsollarini yorqin bo’yoqlarda tasvirlagan. Xususan, «Qopqon» (1877) romanida kosib va hunarmandlar hayoti, «Hamal» (1885) romanida esa ishchilarning turmush tarzi aks ettirilgan. «Tereza Raken» (1873 yilda sahnalashtirilgan) dramasi va «Rauberden vorislari» komediyasi yozuvchining eng yaxshi sahna asarlaridir. Zolya ijodida ijtimoiy mavzular ustuvor mavqega ega. «Uch shahar» trilogiyasi («Lurd», 1894; «Rim», 1896; «Parij», 1898), tugallanmay qolgan «To’rt Injil» tetrologiyasi («Hosildorlik», 1899; «Mehnat», 1901; «Haqiqat», 1903) bunga misol bo’ladi. Zolya ijtimoiy hayotga ham faol aralashgan va 19-asr oxirlarida Frantsiyada juda katta shov-shuvga sabab bo’lgan «Dreyfus ishi» (boshqa millat vakilining soxta ayb bilan qamalishiga qarshi) bo’yicha Frantsiya Respublikasi Prezidentiga «men qoralayman!»(1898) nomli ochiq xat bilan murojaat qilgan. Respublika hukumati 1898 yil 23 Fevralda yozuvchini qamash haqida hukm chiqaradi. Zolya chet elga qochadi (1899 yilda Vataniga qaytadi). Zolya xalq uchun teatr yaratishni orzu qilgan edi. «Frantsiyaning olg’a yurishi» turkumidagi dramalarida inqilobiy shior ostida mustabidlik ruhini yashirgan uchinchi respublikaga qarshi kurashni davom ettirishni maqsad qilgan edi. Lekin bu maqsadini amalga oshirolmadi. Zolya romanlarida garchi qaltis ijtimoiy ziddiyatlar tasvirlangan bo’lsa ham, u ma’lum siyosiy tuzumga dastyorlik qilishni or deb bilgan. U har doim o’zi tanlagan tamoyilga — haqqoniyat tamoyiliga sodiq qoladi. Uning romanlarini o’qib butun bir davr haqida tasavvurga ega bo’lish mumkin. Zolyaning «Hikoyalar» (1937), «Tegirmon qamali» (1942) va «Hamal» (1981, tarjimon Xayrulla Ergashev) asarlari o’zbek tilida nashr etilgan.