ZO’RLIK

ZO’RLIK — jinoyat huquqida qo’llaniladigan tushuncha; O’zbekiston Konstitutsiyasida kafolatlangan shaxsiy daxlsizlikning buzilishiga sabab bo’ladigan, bir shaxsning 2-shaxsga nisbatan jismoniy yoki ruhiy ta’sir o’tkazishi. Jinoyat qonuniga binoan tegishli jazo ko’zda tutilgan bir qancha jinoyatlar (masalan, qasddan odam o’ldirish, qasddan badanga shikast yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik va hokazolar) Zo’rlik ishlatish orqali sodir etiladi. Jismoniy Zo’rlik kishi badaniga bevosita ta’sir etishda, ruhiy Zo’rlik badanga muayyan ta’sir qilish bilan qo’rqitishda ifodalanadi. Zo’rlik faqat jabrlanuvchining o’ziga nisbatan emas, yaqin kishilariga nisbatan ham ishlatilishi yoki Zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitib, sodir etilishi mumkin. O’ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan Zo’rlik jazoni og’irlashtiruvchi holat hisoblanadi, ayrim hollarda jinoyatni kvalifikasiya qilishning zaruriy belgisi sanaladi (masalan, o’ta shafqatsizlik bilan odam o’ldirish (O’zbekiston Respublikasi JK, 97-modda) yoki o’ta shafqatsizlik bilan badanga og’ir shikaes yetkazish (104-modda).