ARJASP
ARJASP (Avestoda Arjadaspa) — 1) Afrosiyobning nabirasi, zardushtiylikning ashaddiy dushmani. Ruinadiz (Diziruin) (mis qasr) da yashagan. Milodiy 2-asrdan e’tiboran bu kasr Poykend nomi bilan bog’lanadi. Arjasp Zardushtiy Gushtasp (Gistasp) Ruintan (misbadan)ning bir necha o’g’illarini jangda o’ldirgach, taxtni tark etib Balxda toat-ibodat bilan mashg’ul bo’lib turgan Luhrosp (Gushtaspningotasi)ni o’ldirgan. So’ng, Gushtaspning qizlari Ofariyn va Humoyni olib qochgancha Ruinadiz qal’asiga berkinib olgan. Gushtaspning o’g’li Isfandiyor qasrni zabt etib, uni o’ldirgan va singillarini qutqargan. 2) Eron afsonalarida Turondagi ko’chmanchi qabilalar (Avestoning “Yasht” V kitobida Arjadaspa), keyingi afsonalarda zardushtiylikka qarshi bo’lgan xioniylar (eftaliylar) boshlig’i. Arjaspning podshohlar (zardushtiylar homiylari) ga qarshi urushlari Parfiya dostoni “Yodgor Zareron”da keng yoritilgan. Xioniylar podshohi Arjasp Eron podshohi Vishtaspdan o’z dinidan voz kechishni talab qiladi, yo’qsa urush ochishini aytadi. Vishtasp rad qilgach, dahshatli jang bo’lib, unda eronliklar Vishtaspning ukasi qo’mondon Zarera (jangda o’lgan) va uning o’g’li Bastvara boshchiligida xioniylar ustidan to’la g’alaba qozonadilar. Arjaspni asir olib qo’l-oyog’ini, qulog’ini kesib, ko’zini o’yib o’z yurtiga qaytarib yuboradilar.