ARLOT

ARLOT, arlat, Allot — o’zbek urug’laridan biri. Abulg’oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida Arlot ma’nosi haqida quyidagi misralar bor: “aning ma’nosi otaning sevar o’g’li temak bo’lur. Arlat bir kishining oti turur. Ani otasi kup sevar erdi. Aning uchun Arlat tedilar. Barcha Arlat eli aning naeli tururlar” (40-6.). Manbalarga ko’ra, Chingizxon tomonidan Chig’atoy ulusini boshqarish uchun ajratilgan 4 ming kishilik qushin boshliklaridan biri ham Arlot urug’idan (qolgani Jaloyir, barlos, qavchin) bo’lgan. Arlotlar Amudaryodan Janubda, shimoliy Afg’oniston hududiga o’rnashganlar. Keyingi asrlarda hozirgi O’zbekistonning Janubiy viloyatlari, shuningdek Xorazmga ko’chib utganlar. Bu nom hozirgi vaqtda etnonim va ba’zan toponim sifatida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ko’proq uchraydi. Buxoro viloyatidagi Olot shahrining nomi ham “arlot” so’zining fonetik o’zgarganidir. Ad.: Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992.