Shassi

Shassi (lotincha capsa — yashik) — 1) avtomobil, traktor va boshqalar transport vositalarida dvigateldan yetakchi g’ildiraklarga kuch uzatish va ularni boshqarish uchun xizmat qiladigan qism va mexanizmlar; 2) samolyotning qo’nish yoki yerdan ko’tarilish vaqtida ishlatiladigan (tushirib ko’tariladigan) g’ildirakli qurilma. Shassi old g’ildirakli, orqa quyruq g’ildirakli va boshqalar bo’lishi mumkin. Gidrosamolyotlarda korpus yoki chang’ilar Shassi vazifasini o’taydi; 3) radio va elektr qurilmalar, apparatlar, asboblar (Radiopriyomniklar, kompyuter bloklari va boshqalar)da asosiy detallar o’rnatiladigan panel. Odatda, alyuminiy, latun, getenaks, tekstolit va boshqalar materiallardan tayyorlanadi.