Shvetsiya

Shvetsiya (Sverige), Shvetsiya Qirolligi (Konungariket Sverige) — Shimoliy Yevropada, Skandinaviya yarim orolining Sharqiy qismidagi davlat. Maydoni 450 ming km2. Aholisi 8,94 million kishi (2002). Poytaxti — Stokgolm shahri. Ma’muriy jihatdan 24 Len (gubernya)ga bo’linadi. Stokgolm lenga tenglashtirilgan mustaqil ma’muriy birlik sifatida ajratilgan. Davlat tuzumi. Shvetsiya — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1975 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Davlat boshlig’i qirol (1973 yildan Karl XVI Gustav). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni riksdag (1 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Shvetsiya Yevropaning Atlantika bo’yi qismida, mo’tadil mintaqa shimolda joylashgan. Shimoliy va g’arbiy qismi tog’li (Skandinaviya tog’lari, eng baland joyi 2123 metr, Kebnekayse tog’i). Shvetsiya shimolda Norland yassitog’ligi (balandligi 200-800 metr), Janubda Smoland qiri bor. Qolgan qismi pasttekislik va ko’llardan iborat. Foydali qazilmalardan temir, mis, qo’rg’oshin, rux, uran rudalari, oltin, kumush, marganes, volfram konlari hamda mineral buloqlar bor. Iqlimi mo’tadil, Golfstrim iliq oqimining ta’siri katta. Shimolda iqlim sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Janubda 0-5°, shimolda -6° dan -14° gacha, iyulniki xuddi shu joylarda 15-17° va 10-11°. Yillik yog’in tog’larda 1500-2000 mm, tekisliklarda 700-800 mm. Daryolari qisqa va serostona. Shvetsiya hududining 9% ko’llar bilan band. Yirik ko’llari: Venern, Vettern, Elmaren, Melaren. Hududining 57% o’rmon, asosan, igna bargli daraxtlar, aralash o’rmonlar, shimolda tundra o’simligi o’sadi. Tuproqlari podzol, chimli podzol, qo’ng’ir o’rmon, tog’ podzol, tog’tundra va botqoq tuproqlar. Shvetsiyada o’rmon hayvonlari va suv parrandalari ko’proq uchraydi. Abisku, Muddus, SarskShyoffallet milliy bog’lari va ko’rixonalar bor. Aholisining 91% shvedlar. Shuningdek, saamlar, finlar, norveglar, danlar ham yashaydi. Rasmiy til — shved tili. Dindorlari — xristianlar (asosan, lyuterchilar). Shahar aholisi 83,1%. Yirik shaharlari: Stokgolm, Gyoteborg, Malmyo. Tarixi. Miloddan avvalgi 8—9-ming yillikdan boshlab Shvetsiya hududida odam yashab keladi. Milodning 1-asr o’rtalarida german qabilalari (Sve, gyot va boshqalar) kelib joylashgan: ular hozirgi shvedlarning etnik asosini tashkil qilgan. 6-7-asrlarda shved qabilalarining birlashish jarayoni boshlandi. 8 —11-asrlarda shvedlar vikinglar yurishlarida qatnashdilar. 11- asr boshlarida xristianlik tarqaldi. 11-asrda Birlashgan shved qirolligi tashkil topdi. 12— 14-asrlarda Shvetsiya Finlyandiyani bosib oldi (1809 yilgacha Shvetsiya tarkibida bo’lgan). 1397 yilda Shvetsiyaning Daniya va Norvegiya bilan birlashishi natijasida Shvetsiya Daniyaga tobe bo’lib qoldi. 15-asr — 16-asr boshlarida Daniya hukmronligiga qarshi milliy ozodlik harakati avj oldi. 1521-23 yillarda dvoryan Gustav Erikson rahbarligida ko’tarilgan g’alayon Daniya hukmronligiga barham berdi. G. Erikson 1523 yil Gustav I nomi bilan Shvetsiya qiroli etib saylandi va vaza sulolasiga asos soldi. 16-asrning 30-yillarida reformatsiya harakati avj oldi va lyuterchilik joriy etildi. 16-19-asrlarda Shvetsiya, ayniqsa, Gustav II Adolf davrida Boltiq dengizida o’z hukmronligini o’rnatish uchun urush olib bordi (1558-83 yillardagi Livon urushi, 1618-48 yillardagi o’ttiz yillik urush, 17-asr boshida rus davlatiga qarshi urush, 17-asr 2-yarmida Polsha, Daniya, Rossiya bilan bo’lgan urushlar). 1700—21-yillardagi Rossiya bilan bo’lgan Shimoliy urusht Karl XII boshchiligidagi shved armiyasi tormor keltirildi; Shvetsiya o’z hududining bir qismidan mahrum bo’ldi. 19-asr boshlarida Shvetsiya antifransuz koalitsiyasi tarkibida Napoleon I ga qarshi urushlarda ishtirok etdi. 1809 yil Shvetsiyada demokratik islohotlar o’tkazildi, Konstitusiya qabul qilindi (ayrim o’zgarishlar bilan 1975 yilgacha amalda bo’ldi). 1814 yil Daniya bilan tuzilgan kil shartnomasiga muvofiq, Norvegiya Shvetsiya tarkibiga o’tdi (1905 yil Shvetsiyadan ajralib chiqdi). 1-jahon urushi (1914-18) davrida betaraf Shvetsiya amalda Germaniyaga yon bosdi. 2-jahon urushi (1939-45) davrida qat’iy betaraflik e’lon qildi. 2-jahon urushidan keyin tashqi siyosatda harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik yo’lini tutdi. 1932-76, 1982-91 yillarda va 1994 yildan hokimiyatni sotsial-demokratik ishchi partiyasi egallab kelmoqda. Shvetsiya 1946 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 16 yanvarda tan olgan va 1992 yil 8 aprelda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayramlari: 30 aprel — Qirol tug’ilgan kun (1946), 6 iyun — Shvetsiya bayrog’i kuni (1523, 1809). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushma birlashmalari. So’l partiya, 1917 yil tuzilgan; Xalq partiyasi liberallar, 1895 yil tashkil etilgan; Atrof-muhitni muhofaza qilish partiyasi (“Ko’katparvarlar”) yoki “Milepartiet”, 1981 yil asos solingan; Markaz partiyasi, 1910 yil tuzilgan; Shvetsiya sotsial-demokratik ishchi partiyasi, 1889 yil tashkil etilgan; Mo’tadil koalitsion partiya, 1904 yil asos solingan; xristian-demokratik partiya, 1964 yil tuzilgan. Shvetsiya kasaba uyushmalari Markaziy birlashmasi, 1898 yil tuzilgan, 20 tarmoq kasaba uyushmalarini birlashtiradi. Xo’jaligi. Shvetsiya intensiv qishloq xo’jaligiga ega yuksak darajada rivojlangan Industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 30,5%, qishloq va o’rmon xo’jaliginiki 2,2%, xizmat ko’rsatish tarmog’iniki 67,3% ni tashkil etadi. Sanoatida qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik (kemasozlik, avtomobilsozlik, aviasozlik, elektrotexnika va radioelektronika), yog’ochsozlik va tsellyuloza qozoz sanoati yetakchi tarmoqlardir. Kimyo, to’qimachilik, oziq-ovqat (sut va go’sht ishlab chiqarish) rivojlangan. Temir rudasi va rangli metallar qazib olinadi. Energetikasi gidroenergiya resurslari va chetdan keltiriladigan yonilg’iga asoslangan. Yiliga o’rtacha 142,9 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi, uning 1/2 qismi GES larga, 1/2 qismi AESlarga to’g’ri keladi. Asosiy sanoat markazlari: Stokgolm, Gyoteborg, Malmyo, Vesteros, Linchyoping. Qishloq xo’jaligi sermahsul bo’lib, oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojning 80% ni ta’minlaydi. Chorvachilik yetakchi tarmoq hisoblanadi va u go’sht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan; qoramol, cho’chqa, shim. bug’usi boqiladi. Dehqonchilikda emxashak ekinlari, g’alla (arpa, suli, bug’doy), qand lavlagi, kartoshka ekiladi. Boltiq va shimoliy dengizlardan baliq ovlanadi. O’rmonda yog’och tayyorlanadi. Transportida temir yo’l uzunligi 10,9 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 136,2 ming kilometr. Dengiz savdo flotining tonnaji 2,74 million reg. brutto tonna. Yirik portlari: Gyoteborg. Stokgolm, Luleo, Malmyo. Daniya, Finlyandiya, Germaniya bilan temir yo’l, paromlar orqali bog’langan. Shvetsiya chetga qog’oz, karton, tsellyuloza, yog’och, mashina va jihozlar, temir rudasi, kimyoviy mahsulotlar chiqaradi; chetdan sanoat mahsulotlari, xom ashyo, oziq-ovqat mollari oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Norvegiya bilan hamkorlik qiladi. Xorijiy sayyohlik rivojlangan (yiliga 6 million kishi kelib ketadi). Pul birligi — shved kronasi. Tibbiy xizmati. Vrachlar 6 universitetning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Shvetsiyada aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish bepul. Stryomstad balchiqli, Rannebyu balneolbgikbalchiqli, Marstrand dengiz bo’yi iqlimiy va boshqalar kurortlar bor. Maorifi, ilmiy va madaniy- ma’rifiy muassasalari. Mamlakatda 7 yoshdan 9 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan bo’lib, u 3 bosqich (3+3+3) dan iborat. 9 yillik maktabni tugatganlar o’qishni gimnaziyada davom ettiradi. Shvetsiyada Zodan ortiq oliy o’quv yurti bor. Yiriklari: Upsala universiteti, Stokgolm universiteti, Gyoteborg universiteti (1891), Stokgolmdagi Qirollik oliy texnika maktabi (1827), Gyoteborgdagi Politexnika universiteti (1829). Shvetsiyadagi mashhur ilmiy muassasalar: Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi, muhandislik akademiyasi (1919), Upsaladagi Qirollik gumanitar fanlar jamiyati (1889), Upsaladagi Qirollik tabiiy fanlar jamiyati (1710), Gyoteborgdagi Qirollik san’at va fan jamiyati (1778), Stokgolmdagi tibbiyotjarrohlik instituti, Stokgolmdagi Shvetsiya akademiyasi (1786). Yirik kutubxonalari: Stokgolmdagi Qirollik kutubxonasi, Upsala, Gyoteborg untlarining kutubxonalari, Stokgolm va Gyoteborg shahri kutubxonalari. Muzeylari: Milliy muzey, hozirgi zamon san’at muzeyi, entografik muzeyi, Stokgolm shahri muzeyi, Tarix muzeyi, shimoliy muzey, Milliy dengiz muzeyi, kronan qal’asidagi harbiy muzey, arxeologiya muzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Shvetsiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: “Arbetet” (“mehnat”, kundalik gazeta, 1887 yildan), “Aftonbladet” (“kechki gazeta”, kundalik kechki gazeta, 1830 yildan), “VI” (“Biz”, haftalik ijtimoiysiyosiy bezakli jurnal, 1913 yildan), “Gyotebergsposten” (“Gyoteborg pochtasi”, kundalik gazeta, 1858 yildan), “Dagens Nyuxeter” (“kun yangiliklari”, kundalik gazeta, 1864 yildan), “Kvellsposten” (“Kechki pochta”, kundalik kechki gazeta, 1948 yildan), “Metallarbetaren” (“Metallurg”, haftalik jurnal, 1888 yildan), “Svenska Dagbladet” (“Shvesiya haftalik gazetasi”, kundalik gazeta, 1884 yildan), “Syudsvenska Dagbladet snellposten” (“Janubiy Shvesiya haftalik gazetasi”, kundalik gazeta, 1848 yildan), “Ekspressen” (“Ekspress”, kundalik kechki gazeta, 1944 yildan). Shvetsiya telegraf byurosi 1921 yil tuzilgan; Shvetsiyadagi gaz.etalarning aktsiyadorlik jamiyati. Shvetsiya radiosi hamda Shvetsiya televidenieysi aktsiyadorlik jamiyatlari sifatida 1993 yil tashkil etilgan. Shvetsiyada radioeshittirishlar 1924 yildan, teleko’rsatuvlar 1956 yildan olib boriladi. Adabiyoti. Shved badiiy adabiyotining dastlabki yodgorliklari 9-asrga oid bo’lib, u she’r yoki ritmik Nasr shaklidagi runik yozuvlardsr. O’rta asrlarda adabiy an’analar xalq og’zaki ijodida o’z aksini topdi. Xristianlikning tarqalishi davrida lotin tilida diniy adabiyot yaratildi. 14-15-asrlarda ballada, qo’shiq, tarixiy xronikalar, 17-asrdan dramaturgiya rivoj topa boshladi. Bu janrlarda tarixchi va dramaturg Yu.Messenius asarlar yaratdi. Birinchi yirik lirik shoir L.Vivalius bo’ldi. Uyg’onish davri g’oyalari entsiklopedist olim va shoir G.Shern’elm ijodida, Yu.Runius she’riyatida o’z aksini topdi. G. Dalperna she’riyatda barokko uslubining asoschisidir. 18- asr adabiyoti ma’rifatchilik g’oyalari ta’sirida rivojlandi; uning yorqin vakili shoir, publisist va tarixchi U.Dalindir. 19-asr boshlarida romantizm adabiyotdagi etakchi oqimga aylandi. Bu oqimning taniqli vakili shoir, tarixchi va faylasuf E.G.Geyer bo’ldi. E.Tegner o’z ijodida ma’rifatchi va romantiklar tajribasidan foydalanib, “Fritof haqida Doston”ni yaratdi; bu asar keyinchalik milliyeposga aylandi. 19-asrning 30-yillarida K.Yu.L.Almkvistning realistik qissalari yuzaga keldi. 70-yillarda Yu.A.Strindberg tanqidiy realizm asoslarini yaratdi. 20-asr boshlarida tanqidiy realizm Ya. Syoderberg, Ya.Bergman, P.S.Siverts ijodida yorqin namoyon bo’ldi. D.Anderson, M.Kox. Yu. Chelgren, I.LuYuxanson, M. Martinson proletar adabiyoti vakili sifatida maydonga chiqdilar. P.F. Lagerkvist o’z asarlarida murakkab axloqiy va falsafiy muammolarga to’xtalib o’tdi. She’riyatla A.Esterling, N.Ferlin realistik yo’nalishda ijod qildilar. 30-yillar va 2-jahon urushi yillari Shvetsiyada antifashistik adabiyot shakllandi (E. Yunson, V. Muberg, M.Martinson asarlari). 50-70-yillarda realistik Nasr an’analarini P.A.Fogelstryom, S.Lidman, P.Rodstryom, L.Gustafson va boshqalar davom ettirdi. Hujjatli Nasr rivojlandi (A.Lundkvist, S.Lidman, E.Palma va boshqalarning ayrim asarlari). A.Lindgrenning bolalar uchun kitoblari jahonda Shuhrat qozongan. Adiblardan B. Setterland, L. Forshel, B. Xokanson, Yo.Sunnevi, S. Okesson, Yo. Palma mashhur. Me’morligi. 11 —12-asrlarda roman uslubida cherkovlar, 13-15-asrlarda gotika uslubida ibodatxonalar qurildi. 16-asrda Uyg’onish davri me’morligi uslubida qasrlar bunyod etildi. 17-asrda barokko va klassisizm uslubida shahar saroylari, shahardan tashqarida bog’li qarorgohlar qurildi (risarlar uyi, 1641-71, me’morlar S. de la Valle, J. de la Valle va boshqalar; birja, 1767-76, me’morlar K.Yu.Krunstedt va boshqalar; ikkalasi ham Stokgolmda). 19-asr me’morligidagi klassisizm eklektikaga o’rin bo’shatdi. 20-asr boshlarida milliy romantizm belgilari paydo bo’ldi (me’morlar F. Buberg, K.Bergsten). Neoklassisizm (Stokgolmdagi shahar kutubxonasi, 1924-27, me’mor E.G.Asplund), neoromantizm (Stokgolmdagi ratusha, 1911-23, me’mor R.Estberg) yo’nalishlari, funktsionalizm va organik me’morlik g’oyalari uyg’unlashgan zamonaviy me’morlik maktabi (Stokgolmdagi Vellingbyu turar joylari, 1951-55, me’morlar S.Markelius va boshqalar; Eksilstundagi Freslund turar joy majmui va savdo markazi, 20-asr o’rtalari, me’morlar ya.Geyer, S.Yungkvist) shakllandi. Keyingi yillarda yaratilgan yirik inshootlar: “Vennergren” ilmiy markazi binosi (1959-61, me’morlar S.Lindstryom, A.Byuden), teleminora (1964-67, me’morlar X. Borgstryom, B.Lindros; ikkalasi ham Stokgolmda), Gyoteborg shahridagi savdo markazi (1967, me’morlar X.Klemming, E.Telaus), Stokgolmdagi madaniyat uyi (1974, me’mor P. Gelsing). Tasviriy san’ati. Boxuslendda jez davrida ishlangan qoyatosh rasmlari saqlangan (ov, jang lavhalari). Temir davrida (miloddan avvalgi 6-asr — milodiy boshlari) tosh stelalar tayyorlangan, metall va yog’ochga o’yib naqsh, tasvirlar ishlangan. O’rta asrlarda bezak rassomligi, haykaltaroshlik, miniatyura rivoj topdi. 18-asrda haykaltaroshlik (Yu.T. Sergel), rassomlik (N.Lafrensen, P.Xillestryom), portret san’ati (A.Roslin, K.G.Pilo, G.Lundberg) yuksak darajaga ko’tarildi. 19-asr ning 1-yarmida tasviriy san’atda romantizm tarqaldi. 19-asrning 2-yarmi — 20- asr boshlarida A.Sorn, E.Yusefson portret va maishiy kartinalarda realizmni rivojlantirdilar. 20-asr haykaltaroshligida K.Milles, B.Yurt, B.Marklundning monumentalbezak asarlari, rassomlikda S.Derkert, E.Yulli, A.Amelin asarlari ajralib turadi. Rassomlar I.Gryunevald, V.Nilson, S.Xalstryom kartinalari maishiy mavzuga bag’ishlangan. F. fan Shans, K.Du, L. Lindebergning grafik asarlarida san’atkorlarning yuksak mahorati yaqqol ko’zga tashlanadi. 20-asr Shvetsiya tasviriy san’atida syurrealizmdan popart va giperrealizmgacha bo’lgan turli modernistik oqimlar keng tarqaldi. Xalq san’ati an’analarga boy. Kulollik, metall va charmga badiiy ishlov berish, suyak va yog’och o’ymakorligi rivojlangan. Musiqasi. Skandinaviya musiqa madaniyati oqimida rivojlandi. Xalq cholg’ulari — lur (cho’pon burg’usi), qo’ng’iroqcha, keyinchalik skripka, klarnet, fleyta, Arfa, akkordeon. 11-asrdan professional cherkov musiqasi rivojlandi. Dunyoviy musiqa madaniyatini tarqatuvchilar — skaldlar (13-asrgacha) va sayoq musiqachilar (16-asrgacha) bo’lgan. 14-15-asrlarda ballada qo’shiqlar paydo bo’ldi. 16-asrda protestant xorali tarqaldi. 1526 yil Stokgolmda saroy kapellasi tuzildi [dastlab Dyuben oilasi boshchiligidagi nemis musiqachilari, 18-asrdan Yu.X.Rumen (birinchi professional kompozitorlardan biri) va F.Uttini (birinchi shved operasi muallifi, 1773, opera truppasi asoschisi, 1773, uning negizida Qirollik operasi tuzilgan)]. 1771 yil Stokgolmda Qirollik musiqa akademiyasi tashkil etilgan (19-asr oxiridan konservatoriya, 1940 yildan Oliy musiqa maktabi, 1971 yildan Davlat oliy musiqa maktabi). 18- asr oxiri — 19-asr kompozitorlari o’rtasida yu. G.Nauman, F.A.Bervald, K.Stenborg mashhur bo’lgan. 19-asr boshlari romantizm ta’sirida milliy musiqa folkloriga qiziqish ortdi. 19-asr 2-yarmida kompozitorlar xalq kuylaridan foydalandilar. Shved vokal maktabi jahonda Shuhrat qozondi (E.Lind, K.Nilson, E.Gulbranson va boshqalar). 20-asr 1-yarmida milliy kompozitorlik maktabi asoschisi V.Petersonberger ijod qildi (musiqali dramalar, 5 simfoniya, cholg’u asboblari asarlari muallifi). 20-asrning o’rtalarida kompozitorlardan K.M.Atterberg, yil Nyustryom (cholg’u asarlari), X.Rusenberg va boshqalar samarali ijod qildilar. 1950-70-yillar kompozitorlari ijodiga avangardizm oqimi ta’sir ko’rsatdi. Ijrochilar o’rtasida dirijyorlar S.Erling, S.Vesterberg, X.Blumstedt; xonandalar N.Gedda, R.Syoderlyof, B.Nilson, L.Anderson; balet artistlari I.Brosse, M.Lang mashhur. Shvetsiyada 10 simfonik orkestr, xorlar, Stokgolm, Gyoteborg, Malmyoda opera teatrlari ishlaydi. Teatri. Shved professional teatri tarixi universitet va maktablarda drama teatr truppalari paydo bo’lgan vaqt (1BA.)dan boshlanadi. 1682 yil dramaturg Urban Yernening Upsala unti qoshida tuzgan teatr truppasi Sh.ning birinchi professional teatri hisoblanadi. 1779 yildan Gyoteborgda doimiy teatr, 1788 yildan Stokgolmda Kirollik drama teatri ishlay boshladi. 19-asrning yetakchi aktyorlari: L.Yurtsberg, E.Xyogkvist, N.Almlyof, G. Dalkvist. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Yu.A.Strindber ijodi tufayli Shvetsiya teatri Yevropada shuhrat qozondi. Uning pyesalarini rejissyor va aktyor Yu.Lindberg va rejissyor G.Mulander sahnalashtirdilar. 1907 yil Strindberg tashabbusi bilan Stokgolmda intim teatri ochildi. 20-asrning 20-30-yillarida rejissyor P.Lindbergning faoliyati muhim o’rin egalladi; u turli davrlarda Gyoteborgdagi “Lorensberg teatr”, Stokgolmdagi “teatr Ekman” va “Vasateatr”ga rahbarlik qildi. P. Lindberg ijodi Shvetsiyada hozirgi zamon rejissyorlarining shakllanishiga ta’sir ko’rsatdi (A.Shyoberg, I.Bergman, S.Malkvist va boshqalar). Shvetsiyaning yirik teatrlari: Qirollik drama teatri, Gyoteborg, Xelsingborg, Malmyodagi teatrlar. 20-asrning 60-80-yillaridagi yetakchi aktyorlar: T.Xammaren, I.Xedkvist, L. Xanson, E.Dalbek, G.Volgren, Ya. Kulle, S.Miliander, M. Ekstryom K. Xanning, U. Palme. Kinosi. 1897 yilda shved N.Paterson bir necha hujjatli va badiiy filmni suratga oldi. Shvetsiyada muntazam ravishda kino ishlab chiqarish 1907 yildan boshlandi. 1910-20-yillarda bir qancha filmlar yaratildi (“tire Vigen”, 1916; “Tog’lik Eyven va uning rafiqasi”, 1917; “Ingmar o’g’illari”, 1918; hammasining rejissyor V.Shyostrem). 20-30- yillarda kinoning badiiy va g’oyaviy saviyasi pasaydi, ekranlarga o’rtamiyona komediya va melodramalar chiqarildi. 40-yillarda fashizmni qoralovchi filmlar qo’yildi (“o’t alanga oladi”, 1943, rejissyor G.Mulander; “Janobi oliylari”, 1944, rejissyor X.Ekman). 2-jahon urushidan keyingi yillarda rejissyorlar ijodida yolg’izlik, ma’naviy tushqunlik yetakchi mavzuga aylandi. Bu I.Bergman ijodida o’z ifodasini topdi (“masxarabozlar oqshomi”, 1953; “ko’zgudagidek”, “Daxldor” va “sukut” trilogiyasi, 1961-63; “kuzgi Sonata”, 1980; “fanni va Aleksandr”, 1982). A.Shyobergning filmlari esa inson ichki dunyosi taxliliga bag’ishlangan (“oddiygina ona”, 1949; “Fryoken Yuliya”, 1951; “So’nggisi o’yindan chiqadi”, 1956). 60-70-yillarda rejissyorlar ijtimoiy-siyosiy muammolar ko’tarilgan filmlarni yaratdilar (“Odalen31”, 1969; “Jo Xill”, 1971; ikkalasining rej. B.Viderberg; “Mana sening hayoting”, 1967; “muhojirlar”, 1970; “yangi yer”, 1972; hammasining rejissyori Ya.Troell). Shu bilan birga 60-80-yillarda ayrim rejissyorlar o’z ijodlarida ochiq naturalizm, qo’pol erotikadan ham foydalandilar (V. Shyoman, T.Vikman, B.Torn). Shvetsiya kinosida hujjatli filmlar ishlab chiqarish alohida o’rin tutadi (E.Leyslerning “qonli davr” filmi, 1960; 70-yillarning boshlaridagi ish tashlashlar to’g’risida kinoreportajlar turkumi). Shvetsiya kinosining yetakchi aktyorlari: B.Anderson, X.Anderson, I.Tulin, L. Ulman, G.Byornstrand, M.Syudov va boshqalar 1963 yildan Stokgolmda Shved kino instituti, 1965 yildan uning huzurida kino maktabi ishlaydi. O’zbekiston — Shvetsiya munosabatlari. 2001 yil 29 mayda O’zbekiston Respublikasi hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi o’rtasida sarmoyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish to’g’risida bitim, 2002 yil 12 sentyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari vakili (Ombudsman) bilan Shvetsiya parlamenti Ombudsmani o’rtasida hamkorlik to’g’risida bitim imzolandi. Ikki mamlakat o’rtasida tovar aylanmasi 2003 yilda 17,9 million AQSh dollarini tashkil etdi. 1999 yil 10-13 aprelda Shvetsiyada O’zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari taqdimoti bo’lib o’tdi.