Shveytser Albert

Shveytser Albert (1875.14.1, Kayzersberg, Elzas — 1965.4.9, Lambarene, Gabon) — nemis-frantsuz mutafakkiri, hayot falsafasining namoyandasi, ilohiyotchi, shifokor, musiqashunos va organchi. Strasburg, Berlin, Parij universitetlarini tugatgan. 1899 yildan falsafa, 1900 yildan ilohiyot, 1913 yildan tibbiyot doktori. 20-asr boshlarida kontsert berib yuradigan organchi sifatida shuhrat qozondi. I.S. Bax ijodini o’rganishga bag’ishlangan asarlar yozdi. 1913 yil rafiqasi — hamshira Elen Breslau bilan birga o’z mablag’i hisobiga Gabonning Lambarene qishlog’ida shifoxona ochib, umrining oxirida AQShga borib, universitetlarda ma’ruzalar o’qib turdi; o’nlab universitetning faxriy doktori, Frantsiya axloqiy va siyosiy Fanlar Akademiyasining (1952), Angliya Qirollik tibbiyot jamiyatining (1955) a’zosi. Shveytser dunyoqarashi bo’yicha, hayot — tabiat yaratgan eng oliy ne’mat sifatida buyuk hurmatga sazovordir. Uning aqidasi «men — hayotman, hayotlar ichida yashashni istaguvchi hayotman” shiorida o’z ifodasini topgan. Shveytser nazdidagi ezgulik — tirik jonni saqlab qolish, hayotga qo’maklashish; yovuzlik esa — jonlini jonsiz qilish, hayotga zarar yetkazish. Har bir shaxs shu tamoyiliga amal qilganidagina, u odam va olam uyg’unligiga, yaxlitligiga erishadi. To’g’ri, tabiatda bir hayot 2-hayot hisobiga yashaydi, har narsaning kushandasi bor, lekin Shveytser faqat hayotni «isrof qilish»ga qarshi. Shveytser olg’a surgan hayotga ehtirom axloqiy ta’limoti insonni shafqatli, muruvvatli zot bo’lib umr kechirishga chorlaydi. Ayni paytda u zamonaviy insonda ekologik madaniyatning yuksalishiga, umumjahon axloqiy muhit — etosferaning yaratilishiga xizmat qiladi. Asosiy asarlari: «Kantning din falsafasi» (1899), «Raymardan Vredegacha. Iso Masih hayotini o’rganish tarixi» (1906), «I.S.Bax» (1905), «Madaniyat falsafasi» (1923), «Nasroniylik va jahon dinlari» (1923), «Havoriy Pavelning mistikasi» (1929), «Hind mutafakkirlarining qarashlari» (1995).