Sho’rva

Sho’rva — suyuq ovqat turi. Tayyorlash usuliga ko’ra, Sho’rvaning qovurma Sho’rva va qaynatma Sho’rva; solinadigan masallig’iga ko’ra sholg’om Sho’rva, no’xat Sho’rva, do’lmali Sho’rva, vermishel Sho’rva, shovul Sho’rva, karam Sho’rva, kabi yigirmadan ortiq turi bor. Qovurma Sho’rva — qo’y yog’i kubik qilib to’g’raladi va qozonga solib chalaroq eritiladi. Go’sht bo’laklarga bo’linib, yog’bilan birga qizarguncha, so’ngra to’g’ralgan piyoz va pomidor qo’shib yana 7-10 minut qovuriladi, kartoshka solib birikki aylantiriladi va suv quyiladi. Suv qaynab chiqquncha qozonga tuz, bir dona qizil qalampir, to’g’ralgan ukrop va kashnich solinadi. Sho’rva qaynab chiqqach, olovi pasaytirilib, yana 1 soatcha mildiratib qaynatiladi. Qaynatma Sho’rva — qo’y go’shti (to’shi, qovurg’asi, ozgina yog’i) qozondagi sovuq suvga solib qaynatiladi. Sho’rvaning ko’pigi olinmaydi (piyoz solingach, ko’pigi o’z-o’zidan yo’qolib ketadi). Sho’rvaga piyoz bilan birga archilgan butun sabzi, to’g’ralgan pomidor, tuz va ziravorlar solinadi. Sho’rva 40-50 minut qaynagach, archilgan butun kartoshka solinadi va olov pasaytirilib, mildiratib qaynatiladi. Kartoshka pishishi bilan, Sho’rva olovdan olinib, dasturxonga kosalarda tortiladi.