Sharg’un ko’mir koni
Sharg’un ko’mir koni – Surxondaryo viloyatidagi kon. Hisor tog’ tizmasining Janubiy g’arbiy tarmog’ida joylashgan. 1941 yilda ochilgan. Sharg’un ko’mir koni quyi va o’rta yura davriga mansub ko’mirli yotqiziqlar ichida topilgan. Qora Machitli antiklinalining Janubiy qanotida. Bu strukturaning o’zak qismi tokembriy gneys va slaneslari hamda quyi paleozoy qumtoshli slaneslaridan tarkib topgan. Ular Ordovik, silur, devon va karbon davrlariga oid terrigen va karbonatli yotqiziqlar bilan qoplangan. Quyi hamda o’rta yura yotqiziqlari ko’mirga boy. Ko’mir yotqiziqlarining umumiy qalinligi 26 metr. Ko’mir qatlami (ba’zi bir joylari uzlukli) Guliob soyidan Obizarang soyigacha — g’arbdan sharqqa 10 kilometrga cho’zilgan. Sharg’un ko’mir koni eng yirik qatlamining qalinligi 12,5 metr; qatlamlarning o’rtacha qalinligi 4,6 metr. Ko’mir qatlamining pastki qismi yupqa argillit va Alevrolit tog’jinslaridan tarkib topgan. Foydali qatlamlar tarkibida 5% gacha neft bitumlari bo’lgan turli xil petrografik tipdagi ko’mirdan iborat. Sharg’un ko’mir konida ko’mir qatlamining yotish burchagi bo’ylab tektonik harakatlar sodir bo’lishi natijasida ko’p miqdorda maydalangan ko’mir uchraydi. Sharg’un ko’mirining yonish quvvati 5690-7302 kkal/kg; o’z-o’zidan yonmaydi, hajmi 1,35 t/m3, qattiqlik jihatidan 2-sinfga mansub. Kulining o’rtacha miqdori 16,95% (5,3% dan 23,2% gacha). Oltingugurti kam (o’rtacha 0,02%)ni tashkil etadi. Sharg’un ko’miri — toshko’mir bo’lsa ham maydaroq va yumshoqroq, yengil tozalanadi, fabrikada briketlanib, iste’molchilarga yuboriladi. Sharg’un ko’mir konining zaxirasi 36 million tonna. Yiliga 50 ming tonna ko’mir qazib olinadi. Sharg’un ko’miri karbid olish uchun xom ashyo hisoblanadi.