ARG’IN

ARG’IN — 1) O’rta juz, qisman kichik juz tarkibiga kirgan qozoqlarning ko’p sonli qabilasi. 19-asr oxirida Arg’inlar 500 ming kishi bo’lgan. Arg’in 15-asrda qozoq elatining shakllanishida ishtirok etgan asosiy bo’g’imlar qatoriga kiradi. Sharqiy Qozog’iston hududida ko’chmanchilik bilan mashg’ul bo’lishgan. Arg’in tili — hozirgi qozoq adabiy tiliga asos bo’lgan qozoq tilining shimoliy-Sharqiy lahjasi. 2) O’zbeklar va qirg’izlar tarkibidagi urug’. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida arg’u tarzida uchraydi. Arg’in Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog’istonda ham etnonim yoki toponim sifatida uchrab turadi.