Asarxaddon
Asarxaddon (ossuriycha Ashshuraxiddin) — Ossuriya podshosi (miloddan avvalgi 680 — 669). Fuqarolar urushi natijasida taxtga utirgan. Savdogarlar, kohinlar tabaqasiga tayangan. Otasi Sinaxerib tomonidan vayron etilgan Bobil shahrini tiklagan, bir necha shaharlarga ilgarigi imtiyozlarini qaytargan, ibodatxonalar foydasiga soliqlar joriy qilgan. 679 yil Asarxaddon qo’shinlari kimmeriylar bilan to’qnashgan. Asarxaddon Arabistonda (676), Finikiya va Misrda (675 — 671) urushlar olib borgan. Memfis shahrini egallab, Misr podshosi unvonini olgan. 673 — 672 yilda qochoq qullar va erkin fuqarolar yashiringan Shubriya (Urartu chegarasida) ga yurish qilgan. O’sha yillarda skiflar tomonidan qo’llab-quvvatlangan midiyalik Kashtariti qo’zg’oloni natijasida Midiya Ossuriyadan ajrab chiqqan. Asarxaddon Ossuriya taxtini o’g’li Ashshurbanipalga, Bobilni esa boshqa bir o’g’li — Shamashshumukinga vasiyat qilib qoldirgan.