Oybek
Oybek (taxallusi; asl ism-sharifi Musa Toshmuhammad o’g’li; 1905.10.1 — Toshkent — 1968.1.7) — shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olim va jamoat arbobi. O’zbekiston xalq yozuvchisi (1965), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1943). Hunarmand-bo’zchi oilasida tug’ilgan. Dastlab Oqmasjid mahallasidagi eski maktabda (1911-17), so’ng Munavvarqori Abdurashidxonov tashkil etgan “namuna” maktabida (1918-21) boshlang’ich ma’lumot oladi. Shundan keyin Navoiy nomidagi ta’lim va tarbiya texnikum-internatida tahsil olgach (1921-25), Toshkent universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida (1925-27), Leningrad xalq xo’jaligi institutida (1927-29) o’qiydi va og’ir xastalikka chalingani sababli yana Toshkentga qaytib, Toshkent universitetida o’qishni tugatadi (1930). Oybek mehnat faoliyatini talabalik yillarida boshlab, o’rta maktab, texnikum va ishchilar fakultetlari (1925-27) da, Xalq xo’jaligi, qishloq xo’jalik va Pedagogika institutlarida til va adabiyot fanlaridan dars beradi, Toshkent universitetining iqtisod fakultetida esa assistant sifatida xizmat qiladi (1930— 35). Ayni paytda madaniy qurilish ilmiy tadqiqot instituti (1933) va Fanlar komiteti huzuridagi til va adabiyot institutida (1934-37) ilmiy xodim bo’lib ishlaydi. 1937 yilda Sovet davlati qatag’on siyosatining avj olishi Oybekning “millatchi” va “milliy ittihodchilar”ga xayrixoh kishi sifatida ishdan haydalishi hamda tazyiqqa uchrashiga sababchi bo’ladi. Kambag’al oiladan chiqqanligi va internatda tarbiyalanganligi tufayli qatag’ondan omon qolgan Oybek 1938 yil oxiridagina O’zbekiston o’quv-pedagogika nashriyotiga tarjimon-muharrir sifatida ishga qabul qilinadi. 1941-45 yillar urushining boshlanishi bilan u yana nomatlub shaxs sifatida quvg’inga uchraydi. O’zbekiston Fanlar akademiyasining tashkil etilishi bilan akademiyaning gumanitar bo’limiga (1935— 51), Hamid Olimjon vafotidan keyin esa yozuvchilar uyushmasi hay’atiga rais, “Sharq yulduzi” juranliga bosh muharrir (1945— 59) etib tayinlanadi; til va adabiyot institutining direktori (1950-52) hamda “O’zbek tili va adabiyoti” jur.ning bosh muharriri (1958-68) vazifasini bajaradi. 50-yillar avvalida yana qatag’on to’lqinining boshlanishi bilan Oybek insult xastaligiga uchraydi va uzoq davom etgan xastalik oqibatida vafot etadi. Oybek adabiy faoliyatini shoir sifatida boshlagan. “Cholg’u tovushi” degan birinchi she’ri 1922 yil “Armug’on” jurnalida bosilgan. Bu vaqtda u Cho’lpon, shuningdek, “yosh Usmonlilar” she’riyati ta’sirida bo’lib, ular ruhidagi she’rlaridan iborat “tuyg’ular” (1926) va “ko’ngil naylari” (1929) to’plamlarini e’lon qilgan. Oybek dastlabki ijodida davrning o’tkinchi mavzulariga bag’ishlangan sarbast she’rlar yaratgan, ularning aksariyati “mash’ala” (1932) to’plamidan o’rin olgan. Keyinchalik shoir lirik tuyg’u va kechinmalar tasviriga katta e’tibor berib, “ko’ngil lirikasi” namunalarini yaratishga intildi. Uning bu boradagi izlanishlari, ayniqsa, “Yevgeniy Onegin” she’riy romanini tarjima qilishi (1936) jarayonida orttirgan tajribasi tufayli va A. S. Pushkin asarlaridagi lirizm ta’sirida yaxshi samaralar berdi. Oybekning “Chimyon daftari” turkumiga kirgan, o’zbek tabiatining fusunkor tarovati va betakror ranglarini o’ziga simirgan she’rlari nafaqat shoir she’riy ijodining, balki umuman o’zbek lirikasining shoh namunalaridan biri bo’ldi. Shoir bu she’rlari bilan o’zbek she’riyatiga oybekona nafis lirizmni olib kirdi, nozik tuyg’u va kechinmalarni tasvirlash madaniyatini yanada mukammallashtirdi, lirik she’riyat tilini nafosat yog’dulari bilan jilolantirib yubordi. Bir tomondan, lirik harorat, ikkinchi tomondan, epik ko’lam Oybek she’riyatiga xos xususiyatlardir. U lirik she’riyat bilan bir qatorda dostonnavislik sohasida ham izlanishlar olib borib, “Dilbar — davr qizi” (1932), “o’ch” (1933), “Baxtigul va Sog’indiq” (1934), “Qahramon qiz” (1936), “Gulnoz”, “Kamonchi”, “Navoiy” (1937) singari dostonlarni yozdi. Shoir bu dostonlarida o’z davrining qahramoni obrazini yaratish va shu davrning muhim ijtimoiy-ma’naviy masalalarini ko’tarish bilan birga tarixiy o’tmish mavzuiga ham murojaat etdi. Oybekning liro-epik she’riyatdagi dastlabki tajribalari uning katta epik polotnolarni yaratishga qodir san’atkor ekanini namoyish etadi. “Uch” va “Navoiy” dostonlari esa yaqin kelajakda yaratajak “qutlug’ qon” va “Navoiy” romanlari uchun o’ziga xos eskiz vazifasini o’tadi. Sovet davlatining adabiy-madaniy siyosati natijasida 1937-38 yillarda yozuvchilar va ularning asarlariga vulgar sotsiologizm nuqtai nazaridan yondashish tamoyili kuchaydi. Oybekning “chimyon daftari” turkumiga kirgan lirik she’rlari burjua she’riyati namunalari, deb baholandi. Davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan bu harakat oqibatida, boshqa shoirlar qatori, Oybek ham, “ko’ngil she’riyati”ga tamomila zid o’laroq, “fajdanlik she’riyati” deb atalgan she’riyat namunalarini yaratishga majbur bo’ldi. Shunga qaramay, Oybekning ilm-fan va texnikani egallashga da’vat etuvchi hamda vatanparvarlik va mehnatsevarlik g’oyalari bilan sug’orilgan “O’zbekiston”, “Dneprostroy”, “fanga yurish”, “Raisa”, “Qizlar” singari o’nlab she’r va dostonlari 30-40-yillar o’zbek she’riyatida muhim voqea bo’ldi. Oybek 40-yillar oxiri — 50-yillar boshlarida “Qizlar” (1947) dostonidan tashqari, “Hamza” (1948), Pokiston taassurotlari asosida “Zafar va Zahro” (1950) va “Haqgo’ylar” (1952) dostonlarini yaratdi. 60-yillarda shaxsga sig’inish fojialari fosh etilib, sobiq sovet mamlakatida “xrushchyovcha” harorat jilvalari kuringanda, Oybek xastaligiga qaramay, yana “sof lirika”ning guzal namunalarini taqdim etadi, Xirosima fojiasiga bag’ishlangan “davrim jarohati” (1952), “Guli va Navoiy” (1968) dostonlarini yozish bilan birga Amir Temur va Bobur haqidagi lirik dostonlarni yozishga kirishadi. Shoir o’zining bu asarlari bilan 60-yillar o’zbek she’riyatida yangi badiiy tafakkurning boshlanishi va qaror topishiga muhim hissa qushadi. Oybekning nasriy merosi 5 roman (“qutlug’ qon”, “Navoiy”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” va “ulug’ yo’l”), 4 qissa (“shonli yo’l”, “Nur qidirib”, “bolalik xotiralarim” va “Bola Alisher”) hamda bir qancha hikoya va ocherklardan iborat. Oybekning roman janridagi dastlabki tajribasi — “qutlug’qon” asari yozuvchi hayotining eng tahlikali kezlarida, 1938 yilda, qisqa muddatda yozilgan va 1940 yilda nashr etilgan. Yozuvchining bolalik xotiralari bilan to’yingan bu asarda o’zbek xalqining 1-jahon urushi arafasidagi mashaqqatli hayoti qalamga olingan. Bu davrda, bir tomondan, mustamlakachilik siyosati, ikkinchi tomondan, o’lkaga kirib kela boshlagan kapitalistik munosabatlar tufayli mehnatkashlar ommasi g’oyat qashshoqlashgan edi. Shunday vaqtda sabr kosasi to’lgan xalqning norozilik namoyishi bilan chiqishi yoki qo’zg’olon ko’tarishi tabiiy edi. Chor hokimiyatining O’rta Osiyo aholisini mardikorlikka olish to’g’risidagi Farmoni 1916 yil qo’zg’olonining gurullab yonishi uchun bir turtki bo’ldi. Oybek romanda Yo’lchi boshlik, mehnatkashlar, Mirzakarimboy boshliq boylarning o’zaro munosabatlarini tasvirlash orqali mazkur qo’zg’olonning kelib chiqish sabablarini badiiy tahlil etdi. Jamiyatning shu davrdagi qutblashgan holatini ta’kidlab ko’rsatish maqsadida va sovet mafkurasining talabi bilan boylar obrazini, ayniqsa, Mirzakarimboy obrazini yaratishda qora bo’yoqlardan ko’proq foydalandi. 1937 yil tegirmonidan arang omon qolgan adibning romanni busiz nashr etishi amri mahol edi. Oybek bu asari bilan A. Qodiriy, Cho’lpon va S. Ayniy boshlab bergan tarixiy romannavislik an’anasini rivojlantirib, uni mehnatkash xalq xarakterini o’zida mujassamlantirgan Yo’lchi, Gulnor kabi qahramonlarning yorqin obrazlari bilan boyitdi. “Qutlug’ qon” o’zbek adabiyotidagi badiiy jihatdan eng yuksak romanlardan biridir. Oybek shoir, Nosir, adabiyotshunos olim sifatida ham Navoiy hayotiga ko’p bor murojaat etgan. Uning 1942 yil 2-jahon urushining qizg’in bir paytida “Navoiy” romanini yozib tugatgani tasodifiy emas. Nafaqat ulug’ shoir, balki 15-asrdagi Xuroson hayotini ham puxta o’rgangan adib bu asarda Navoiyning shoir va inson sifatidagi gumanizmi — insonparvarlik mohiyatini katta mahorat bilan gavdalantirib bergan. Oybek Navoiy obrazini 15-asr Xurosonida ro’y bergan muhim tarixiy voqealar fonida gavdalantirar ekan, shu davrda Temuriylar davlatini harakatga keltirgan, keyinchalik esa uni tanazzulga olib kelgan kuchlar va ularning o’zaro kurashini xaqqoniy aks ettirgan. Oybek mazkur asari bilan o’zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janrini boshlab, uning asosiy tamoyillarini belgilab berdi. “Navoiy” romani keyinchalik o’zbek adabiyotida “Ulug’bek xazinasi”, “ko’hna dunyo” (O. Yoqubov), “Yulduzli tunlar”, “avlodlar dovoni” (P. Qodirov) singari tarixiybiografik romanlarning maydonga kelishiga zamin hozirladi. Oybekning nasriy asarlari orasida o’zbek xalqining 2-jahon urushidagi jasorati tasviriga bag’ishlangan “Quyosh qoraymas” (1943-59) romani alohida e’tiborga loyiq. Adib mazkur romanini garchand G’arbiy frontga qilgan safaridan qaytiboq yoza boshlagan bo’lsada, urush to’g’risidagi dahshatli haqiqatni aytish iloji bo’lmagani uchun, uni 50-yillarda — xastalik paytida yozib tugatdi. O. Bektemir va uning ikki jangovar do’stining obrazini yaratish orkali sovet davlatining urushga tayyorgarliksiz kirgani va sarkardalarning qo’pol xatolari tufayli millionlab kishilar, shu jumladan, o’zbek jangchilarining “to’p Emi” bo’layotgani haqidagi haqiqatni badiiy mujassamlantirib berdi. Adib “Oltin vodiydan shabadalar” (1949) romanida urushdan keyingi davr qahramoni obrazini, “qutlug’qon” romanining davomi sifatida yozilgan “ulug’ yo’l” (1967) asarida esa Yulchi va gulnorlarning 20-yillardagi izdoshlari obrazini yaratishga intildi. Oybek qalamiga mansub roman va qissalar qaysi davr hayotidan olingan bulmasin, adib shu davr hayotini mukammal urgangan, ayniqsa, tarixiy davr va tarixiy shaxs hayoti bilan birlamchi manbalar asosida yaqindan tanishgan yozuvchi sifatida namoyon buladi. Oybekning nasriy asarlariga xos muhim xususiyatlardan yana biri shundaki, u asar qahramoni yoki tarixiy shaxeni Vatan va xalq manfaatlari yo’lida kurashuvchi, mehnatkash xalq orzu-armonlarining ro’yobga chiqishi yo’lida zahmat chekuvchi siymo sifatida tasvirlaydi. Oybek ozgina bo’lsada, o’z kuchini dramaturgiyada ham sinab ko’rdi. U urush yillarida Chingizxon istilosiga qarshi ko’tarilgan xalq harakatlaridan biriga murojaat etib, vatandoshlarida fashizmga qarshi kurash maylini rag’batlantiruvchi “Mahmud Torobiy” operasi librettosini yozdi (1944) va shu mavzu bo’yicha drama teatrlari uchun “G’alvirchi”, rus adibi va adabiyotshunosi A. Deych bilan hamkorlikda esa rus tilida “Xalq qalqoni” pyesalari ustida ishladi. Oybek bu asarlarida ham tarixiy jarayon qonuniyatlarini yaxshi bilgan, tarixga xalq manfaatlari nuqtai nazaridan yondashuvchi yirik olim sifatida namoyon bo’ldi. Oybek adabiy faoliyatining muhim qismini adabiyotshunoslikka oid tadqiqot va maqrlalar tashkil etadi. O’zbek xalqi tarixi va o’zbek mumtoz adabiyotining ulkan bilimdoni Oybek o’zining adabiy-tanqidiy faoliyatida adabiyotimizning eng qadimgi davridan to o’tgan asrning 60-yillariga qadar kechgan shakllanish va taraqqiyot yo’liga bag’ishlangan ko’plab maqolalar e’lon qildi. Bu maqolalarning katta bir qismi Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti va ijodini o’rganishta bag’ishlangan bo’lib, ular keyinchalik Oybekning “Navoiy gulshani” maqolalar to’plamini tashkil etdi. Bu maqolalar navoiyshunoslikning o’zbek adabiyotshunosligining muhim bir sohasi sifatida shakllanishi va rivojlanishiga hissa bo’lib qo’shildi. Shu bilan birga Oybek Yozuvchilar uyushmasi va Fanlar akademiyasi gumanitar bo’limining raisi sifatida Navoiyning 500 yillik yubileyini tashkil etish va o’tkazishga rahbarlik qildi. A. Deych bilan birga rus tilida Navoiyga bag’ishlangan turkum maqolalar chop etdi (bu maqolalar mualliflarning 1968 yilda nashr etilgan “Alisher Navoiy. Literaturno-kriticheskiy ocherk” kitobidan o’rin olgan). Yirik adabiyotshunos Oybek “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo’li” (1935) monografiyasi va boshqa maqolalarida 20-asr o’zbek adabiyotining taraqqiyoti muammolarini, A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy va A. M. Gorkiy singari rus adabiyoti namoyandalarining o’zbek yozuvchilariga ta’siri masalalarini yuqori ilmiy-nazariy saviyada o’rgandi. Mumtoz va zamonaviy o’zbek adabiyoti yutuklarini qardosh xalqlarga tanishtirishda Oybekning rus tilidagi maqolalari ayricha ahamiyatga molik. Serqirra ijod sohibi Oybek jahon va rus adabiyotining eng yuksak namunalarini o’zbek tiliga tarjima qilib, Chulpon va Qodiriy asos solgan o’zbek tarjima maktabini o’zining yuksak darajadagi tarjimalari bilan boyitdi. O’zbek kitobxoni Oybek tarjimasi orqali Rim adabiyoti namunalari, J. B. Molerning “Tartyuf”, A. S. Pushkinning “Evgeniy Onegin”, M. Yu. Lermontovning “Maskarad”, “Dovud Sosunli” arman eposi, G. Geyne, I. A. Krilov, V. G. Belinskiy, E. Verxarn va boshqalarning asarlari bilan tanishdi. Oybek o’zining rang-barang ijodi va ulkan jamoat arbobi sifatidagi faoliyati bilan o’zbek xalqining madaniy yuksalishiga katta hissa qo’shdi. 1980 yilda adib yashagan uyda Oybek uy-muzeyi tashkil etilgan va unga haykal o’rnatilgan. Toshkentdagi maktab, xiyobon va metro bekatlaridan biri Oybek nomi bilan atalgan, Termiz davlat universiteti, Toshkent viloyatidagi jamoa xo’jaligiga Oybek nomi berilgan. Oybek vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan (2001). As: mukammal asarlar to’plami [20- j.li], 1-20-j.lar, T., 1975-1985. Ad.: BAT L., Koshchanov M., Aybek. Kritikobiograficheskiy ocherk, M., 1966; Yoqubov H., Adibning mahrrati, T., 1966; Karimov N., Oybek, T., 1985; Karimov N., Oybek gulshanida qolgan g’unchalar, T., 1985. Naim Karimov.