Oygaying

Oygaying — Toshkent viloyatidagi tog’ daryosi. Talas Olatovi va Piskom tizmasi tutashgan yerdagi (To’qmoqsoldi dovonidan shimoli-Sharqda) muzliklardan Shovursoy nomi bilan boshlanadi. Uzunligi 76 kilometr, havzasining maydoni 1102 km2. Suv yig’ilish maydonining o’rtacha balandligi 2998 metr. Oygaying chuqur va tor vodiyda oqadi. Qayir va birinchi ko’hna qayir (terrasa) yaxshi rivojlangan. Qadimgi muzliklardan qolgan morenalar ko’p uchraydi. Daryo o’zani katta-katta xarsang toshlar bilan to’silganligi sababli, ayrim yerlarda shovvalar hosil bo’lgan. Mavsumiy qor, qorliklar va muzliklardan to’yinadi. Iyul—sentabrda suvi ko’payadi (44-46%). O’rtacha ko’p yillik suv sarfi 27,9 m3/ sekund, o’rtacha oqim moduli 27,2 l/sekund, km2. Umumiy uzunligi 206 kilometrdan ortiq, 100 ta irmog’i bor. Yiriklari: Tastorsoy, Oqqopchig’ay, Barqiroqsoy, Ko’ksuv, Beshtorsoy, Charaolmasoy.