Hazoraspiy
Hazoraspiy, Ja’farxo’ja ibn Nasriddinxo’ja al-Husayniy al- Karvakiy (18-asr oxiri — 19-asrning 1-yarmi, Hazorasp shahri) — shifokor-tabib, olim. Hazorasp shahri yaqinidagi Karvak qishlog’ida tabib oilasida tug’ilgan. Hazorasp, Xiva va Buxoro madrasalarida o’qib, mudarris bo’lib yetishgan. Ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy, Ibn xammor, Abulg’oziy Bahodirxon asarlarini o’rganib, tabiblikni egallagan. “Al- tabobat ul-majmua” (“tabobat masalalari to’plami”) asari muallifi. Asarning turli vaqtlarda ko’chirilgan nusxalari Xiva, Toshkent, Istanbul, Britaniya (London) muzey qo’lyozmalar fondida saqlanadi. Asarda qon tomirlari va bosh miya tuzilishi, tashxis qo’yishning bir necha turlari, ovqatlanish me’yori, parhez, dorivor o’simliklardan oqilona foydalanish yo’llari bayon etilgan. Nasldan-naslga o’tuvchi surunkali saramas kasalligi, jigar va oshqozon osti bezlarining yallig’lanishi kabi xastaliklarni davolash usullari ko’rsatib berilgan. U bepushtlik, ayollar jinsiy a’zolaridagi kasalliklarning paydo bo’lishi va ularni davolash usullari to’g’risida ham batafsil ma’lumotlar bergan. Hazoraspiy Hazorasp tumanining Karvak qishlog’idagi Shayx Husayn bobo qabristoniga dafn qilingan. Ad.: Abdullayev A., Ocherki istorii razvitiya medisinm v Xorezme. T., 1980: Do’schanov B.. Hazorasp tarixi. Urganch. 1998.