ASL METALLAR PROBASI
ASL METALLAR PROBASI (lotincha probo — sinab ko’rish, baholash) — ishlanadigan va tanga zarb qilinadigan qotishma tarkibidagi sof oltin, kumush, platina va boshqa qimmatbaho metallar miqdorini ifodalaydigan mezon. Ko’pchilik mamlakatlarda Asl metallar probasi metrik tizim bo’yicha 1000 gramm qotishma tarkibidagi nodir metallning grammlar miqdori bilan ifodalanadi. Odatda asl metallar yumshoqroq bo’lib, bu metallarga legirlovchi metallar (mis, rux, nikel va hokazolar) qo’shilmasa, ulardan tayyorlangan buyumlar puxta bo’lmaydi. Ilgari (1917 yilgacha) O’zbekistonda proba tizimi 96 misqoldan (har misqol 4,25 gramm) iborat qadoqqa (409 grammga) asoslangan. Unda eng yuqori darajadagi Asl metallar probasi 96 ga teng edi. Hozir O’zbekistonda oltin buyumlar uchun 375, 500, 583, 750, 958 probalar, kumush buyumlar uchun 800, 875, 916, 960 probalar, platina buyumlar uchun 950 proba, palladiy buyumlar uchun 850 proba mavjud. O’zbekistonda asl metallardan yasalgan buyumlarning qonunlashtirilgan probalarga muvofiq kelishini O’zbekiston Moliya vazirligi nazorat qilib boradi. Buyum probasini tasdiqlash uchun unga davlat tamg’asi urib kafolatlanadi.