Hasanov Nabijon Azimovich

Hasanov Nabijon Azimovich (1913, Samarqand — 1972.28.8, Toshkent) — bastakor, sozanda (g’ijjak), O’zbekiston xalq artisti (1967). Dastlab, T. Sodiqovdan nay va g’ijjak chalishni, o’rgangan. Andijon teatrida sozanda (1927-29), Samarqand teatrida sozanda (1930-32), musiqa rahbari (1932-35, 1938-39) va bosh dirijyor (1945-47), O’zbek davlat musiqali teatri (1936— 37), Navoiy teatri xalq cholg’u asboblari ansambli (1939-44)da musiqa rahbari, O’zbekiston radioqo’mitasi xalq cholg’u asboblari orkestrida kontsertmeyster (1947-52, 1957-72), O’zbekiston davlat estradasi ashula va raqs ansamblida sozanda va badiiy rahbar (1952-55). Hasanov “G’unchalar” (T.Sodiqov bilan), “O’zbekiston qilichi” (M.Burhonov, T. Jalilov va boshqalar bilan) kabi asarlarning mualliflaridan. Bastakorning iste’dodi ko’proq ashula va qo’shiqlarda namoyon bo’ldi. Ayniqsa uning “Sallamno”, “ko’rdim”, “Aylanay”, “jafo qilma” ashulalari, “Jonajon o’lkam”, “ona Samarqand”, “Gilos” kabi ommaviy va “intizor”, “Gulchehralar”, “Charos” kabi lirik qo’shiqlari, Yalla namunalari (“baxt yallasi”, “Yayra, go’zal” va hokazolar) mashhur. Ayrim (“Sallamno” va boshqa) asarlari “Nola” kabi estrada guruhlari tomonidan yangicha talqin topgan.