Ong
Ong — psixik faoliyatning oliy shakli. U faqat insonga xos fenomendir. Ong, uning mohiyati masalasi eng qadimgi muammolardan biri. Ongni dastlab diniy va mifologik qarashlar doirasida tushuntirishga uringanlar. Ongni liniy tushuntirish uni iloxiy hodisa, Xudo yaratgan mo’jiza tarzida talqin qilishga asoslanadi. Ko’pgina dinlarda inson Ongi buyuk ilohiy aqlning namoyon bo’lish shakli tarzida tavsiflanadi. Bunday qarashlarning ildizi juda qadimgi bo’lsada, ular hamon o’zining ko’plab tarafdorlariga ega. Kimki olam va odam yaratilganligini tan olar ekan, Ong ham Yaratganning qudrati deb hisoblaydi. Ongning mohiyatini izohlashda 2-yo’nalish — bu Ong moddiy olamni inson miyasida aks etishi deb tushunish, uni inson tanasi faoliyati bilan bog’lab talqin etishdir. Ayni vaqtda materialistik yo’nalish nomini olgan bunday yondashuvlar doirasida Ongning mohiyatini buzib talqin qilish hollari ham paydo bo’ldi. Vulgar materializm deb nom olgan oqim namoyandalarining fikricha, xuddi jigar safroni ishlab chiqargani kabi, miya ham Ongni ishlab chiqarar emish. Bunday yondashuv natijasida Ong ideal emas, moddiy hodisa degan xulosa kelib chiqadi. Vaholanki, safroni ko’rish mumkin, ammo Ongni ko’rib ham, ushlab ham bo’lmaydi. Aslida Ong tarixi insonning inson bo’lib shakllana boshlashi tarixi bilan bog’liqdir. Inson ham biologik, ham ijtimoiy mavjudot ekan, demak, Ong ham biologik va ijtimoiy taraqqiyot mahsulidir. Ong insonning fikr va hislari, sezgilari, tasavvurlari, irodasi va qarashlaridan tashkil topgan. O’z-o’zini anglash, xotira, iroda, nutq Ongning asosiy jihatlaridir. Hozirgi zamon fani Ong materiyaning uzoq davom etgan evolyutsiyasining natijasi ekanligini tan oladi. Materiya, tabiat hamma vaqt mavjud bo’lib kelgan, inson esa moddiy dunyoning nisbatan so’nggi taraqqiyotining mahsulidir. Materiya taraqqiyoti, fikrlay oladigan insonning paydo bo’lishi uchun bir necha million yillar kerak bo’lgan. Ong tabiat taraqqiyoti mahsuli, materiyaning xossasidir, barcha materiyaning emas, balki oliy darajada tashkil topgan materiyaning, ya’ni inson miyasining mahsulidir. Lekin Ongning bo’lishi uchun miyaning o’zigina bo’lishi yetarli emas. Ong insonni qurshab turgan tabiiy va ijtimoiy muhit bilan chambarchas bog’langan va shu muhitning ta’sirida faoliyat ko’rsata oladi. Hozirgi zamonda murakkab ijodiy jarayonlarni ham amalga oshiruvchi elektron mashinalar yaratilgan, lekin ular Ongning o’rnini bosa olmaydi, chunki Ong o’ta murakkab ob’yektiv mavjudlikdir. Abdulla Aktov.