To’la masxara
To’la masxara (1842 Buxoro yaqinidagi Demun qishlog’i -1916) — xalq masxarabozi. Masxarabozlikni Sayfullo masxara (1797-1867)dan o’rgangan. Muzaffarxon saroyida teatr truppasining rahbari etib tayinlangan. Truppaga Jo’ra masxara, Ergash masxara, Murod siyoh, Sa’di masxara, Abdurauf oqsoqol, Xoliq masxara, Abdurasul korfarmon, Said mirzaboshi, Kalli Abbos, Hamro garmon, ota Ashraf Mavrigi, usta Qudrat, Sharif bozingar, Egamberdi Cho’pboz kabi 20 ga yaqin san’atkor uyushgan. Ular chinakam badihago’y, har tomonlama yetuk san’atkorlar, so’z ustalari bo’lganlar. Bu, o’z navbatida, To’la masxaraga musiqa va raqs bn yo’g’rilgan spektakllar yaratish imkonini bergan. U o’z truppasi bn xalq orasida keng tarqalgan mayda muqallid va taqlidlar asosida “Qozibozlik”, “Polvonbozlik”, “Sartaroshlik”, “Nisholdabozlik” kabi yirik pesaspektakllar yaratadi. To’la masxara iqtidorli san’atkor, keng diapazonli aktyor, xushovoz xonanda, yaxshigina sozanda, ta’sirli nutq egasi bo’lgan. Shu sabab u muqallidda ham, hajviysatirik tomoshalarda ham muvaffaqiyat qozongan. To’la masxara an’analarini o’g’li Mulla gadoy (1892— 1963), shogirdi safar masxara Abdullayev (1899-1962) kabilar davom ettirdi.