Quymuch nervi
Quymuch nervi — odam va umurtqali hayvonlardagi eng yirik nerv. Orqa miya o’siqlari va orqa miya tugunining sezuvchi tolalari (odamda 4, 5-juft bel va 1-3-juft dumg’aza nervlari)dan hosil bo’ladi. Bu nerv dumg’aza chigalidan uzun tarmoqlar tarzida noksimon muskul osti teshigi orqali chiqadi. Quymuch nervi bitta yaxlit biriktiruvchi to’qima pardasi bilan o’ralgan, katta boldir va kichik boldirning umumiy nervlaridan iborat. Bulardan biri oyoq kafti va boldirning orqa guruh muskullarini innervasiyalaydi, u tizza, panja bo’g’imi va panjaning kaft terisi bilan medial tomondagi terisiga tarmoklar beradi. Ikkinchisi umumiy kichik boldir nervi chuqur (harakatlantiruvchi tolalar) va yuza (sezuvchi tolalardan iborat) shoxlarga bo’linib, tovon va boldirning tashqi tomonidan terisini innervasiyalaydi. Quymuch nervining og’riqli yallig’lanishi — ishias ko’proq kuzatiladi.