Nutatsiya

Nutatsiya (lotincha nutatio — tebratish) — 1) mexanikada — qattiq jismning o’z o’qi atrofida aylanishi jarayonidagi tebranma harakati; u jismning xususiy aylanish o’qida sodir bo’ladi; jism qancha tez aylansa, uning nutatsion tebranish chastotasi shuncha katta, amplitudasi shuncha kichik bo’ladi. Nutatsiya presessiya bilan bir vaqtda yuz beradi. Nutatsiya vaqtida jismning xususiy aylanish o’qi bilan presessiya yuz beradigan o’q orasidagi burchak o’zgaradi; 2) astronomiyada — Yer aylanish o’qining bir oz tebranishi. Yerning sutkalik aylanishiga Quyosh va Oyning tortish kuchlari ta’sir etadi. Yerning sutkalik aylanish o’qi ekliptikata qiyaligini o’zgartirmagan holda o’z yo’nalishini o’zgartirib boradi, chunki Quyosh va oyning presession kuchlari ham o’zgarib turadi va Quyosh hamda oy yer ekvatorida bo’lganida bu kuchlar nolga teng bo’ladi, og’ishi eng katta bo’lganida esa maksimumga erishadi. Yerning aylanish o’qi Nutatsiyasini 1737 yil J. Bradley kashf qilgan. Bunday nutasion tebranishlar 18,6 yillik davrga, ya’ni oy orbitasi tugunlarining aylanish davriga teng. Osmon sferasit qutb yarim o’qlari 9″, 21 hamda 6″, 86 nutasion ellips chizadi. Nutatsiyaning aniq qiymatini 1953 yil Amerikalik astronom E. Vulard topgan.