Nuttallioz

Nuttallioz — toq tuyoqli hayvonlar, asosan, otlarda uchraydigan protozoy kasalligi. Qo’zg’atuvchisi eritrotsitlarda parazitlik qiluvchi bir hujayrali Nuttallia equi organizmlari. Nuttalliozni kanalar tarqatadi. Kasal hayvonning harorati ko’tariladi, bo’shashadi, ishtahasi yo’qoladi, shilliq pardalari sarg’ayadi. Qonda eritrositlar soni va gemoglobin miqdori kamayadi. Kasallik 2-6 haftagacha, ba’zan undan ortiqqa cho’ziladi. Tashhis klinik belgilar va qonda qo’zg’atuvchining topilishiga qarab qo’yiladi. Davolash: flavakridin, piro-plazmin (akarpin), azidin, sulfantrol va boshqa dori-darmonlar qo’llaniladi. Oldini olish: Nuttallioz kasalligini tarqatuvchi iksod kanalarini yo’qotish.