Nurash

Nurash — atmosferaning fizik-kimyoviy, yer osti va yer usti suvlari hamda organizmlarning ta’sirida yer yuzidagi tog’ jinslari va minerallarning buzilish va yemirilish jarayoni. Nurashning fizik, kimyoviy va organik turlari ma’lum. Sodir bo’lish muhitiga ko’ra, Atmosfera va suv osti Nurash farqlanadi. Fizik Nurash temperaturaning keskin o’zgarib turishi va tog’ jinslarining quyosh nuridan har xil qizishi sababli katta-kichik bo’laklarga bo’linishidir. Bunda nuragan tog’ jinsini tashkil etuvchi minerallarning kimyoviy tarkibi deyarli o’zgarmaydi. Tog’ jinslarida ko’plab yoriqlarning bo’lishi va suvning muzlab qolishi fizik Nurashni tezlashtiradi. Suv muzlaganda hajmi kengayib, yoriq devorlarining 1 sm2 yuzasiga ta’sir etgan kuchi 870 kilogrammga yetadi. Bunday Nurash yalang tog’jinslarida, baland tog’larda yilning hamma faslida sodir bo’ladi. Natijada chaqiq jinslar uyumi hosil bo’ladi. Yemirilgan jinslar zarrachalarining kattaligi 0,01 millimetrgacha yetishi mumkin. Kimyoviy Nurashda tog’ jinslarining kimyoviy tarkibi o’zgarib yer yuzasida barqaror minerallar hosil bo’ladi. Tog’ jinslari yoriklaridagi erkin kislorod, karbonat, sulfat va organik kislotalarga boy bo’lgan suv oksidlanish va qaytarilish reduktsiyalariga sabab bo’ladi. Kimyoviy Nurash natijasida turli tog’ jinslari, gillar hosil bo’ladi. Organik (biologik) Nurash o’simlik va organizmlarning tog’jinslariga ta’siri natijasida sodir bo’ladi. Bunda yer yuzasidagi o’simliklar asosiy omillardan hisoblanadi. O’simliklarning ildizi tog’ jinslari orasiga yorib kirib, ularni turli bo’laklarga ajratadi va darzlarni kengaytiradi. Chirigan ildizlardan kirgan suv tog’jinslarida muzlab, Nurash jarayonini tezlashtiradi. Yerdagi mikroorganizmlar gil va lyoss jinslari orasida ko’p miqdorda g’ovaklar hosil qilib ularni yemiradi. Nurash jarayoni natijasida turli cho’kindi jinslar va ko’pgina foydali qazilmalar (kaolin, oxra, o’tga chidamli tuproqlar, qum, temir, alyuminiy, marganes, nikel, kobalt, oltin, platina sochmalari va boshqalar) hosil bo’ladi.